Dunyodagi eng mitti davlatlardan biri o‘z kosmik agentligini tashkil etmoqda
Lyuksemburg koinot texnologiyalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi startaplarni moliyalashtirish uchun koinot agentligi va 100 mln dollarlik jamg‘arma tashkil etmoqda. Bu haqda Lyuksemburg bosh vaziri o‘rinbosari Etenn Shnayder Financial Times nashriga ma'lum qildi.
Shnayderning aytishicha, NASA’dan farqli, Lyuksemburg koinot agentligi raketalar uchirishni rejalashtirmay, balki “koinot sohasidagi korxonalar”ga e'tiborni qaratmoqchi. “Biz koinotni zabt etuvchi davlat bo‘lmoqchimiz va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”, deb aytgan Shnayder. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi “bu bozorni amerikaliklarga qoldirmasligi kerak”.
2017 yil avgustda Lyuksemburg o‘z hududida joylashgan kompaniya va tijoriy guruhlarga “koinot zaxiralarini o‘zlashtirish”da ishtirok etishga ruxsat bergan ilk davlat bo‘ldi. Shu munosabat bilan koinot texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi 150 dan ko‘proq kompaniya, institut va tashkilot Lyuksemburgda qo‘nim topishga ruxsat olish uchun ushbu davlat hukumatiga murojaat qilgan. Ulardan 20 tasi bilan kelishuvga erishilgan.
Avvalroq Lyuksemburg AQSh va Yevropa Ittifoqidagi hamkorlar bilan birga asteroidlarda kamyob metallar va minerallarni olish rejasini ishlab chiqqandi. Gap Yerda kam uchrovchi, biroq asteroidlarda yetarlicha miqdorda mavjud bo‘lgan materiallarni olish maqsadida koinot sohasini yaratish haqida bormoqda. Mutaxassislarning aytishicha, bu asteroidlar Oydan ancha uzoqda, ammo Marsdan yaqinroq, ya'ni koinot qurilmalari yeta oladigan masofada joylashgan.
Ekspertlarning baholashicha, bunday sohani yaratish qiymati o‘n milliardlab dollarni, bozor hajmi esa trillionlab dollarni tashkil qiladi.
Mavzuga oid
11:30 / 15.08.2024
Fridman Lyuksemburgdan 16 mlrd dollar talab qilyapti
07:55 / 23.05.2024
Fridman Lyuksemburgdan qariyb 16 mlrd dollar talab qilmoqda
08:11 / 04.09.2023
O‘zbekiston-Lyuksemburg o‘rtasida ilk siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi
23:27 / 30.07.2021