«Toshtransdispetcherxizmat» xodimini haqorat qilgan haydovchiga jazo tayinlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Matiz» avtomobili haydovchisining jamoat transporti bekatida to‘xtab turib, avtobuslar harakati uchun muammolar keltirib chiqargani tasvirlangan video e'lon qilingandi.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, haydovchi «Toshtransdispetcherxizmat» UK korxonasi vakilining so‘zlariga juda qo‘pol javob qaytargan: u so‘kinib, ayolni haqorat qilgan, uning qo‘lidan mobil telefonni tortib olishga uringan, ayolni urgan. Ushbu holat bo‘yicha Toshkent IIBB tomonidan choralar ko‘rildi. Haydovchi qo‘lga olindi. U Zangiota tumanida yashovchi 26 yoshli Hikmatulla M. bo‘lib chiqdi.
Qayd etilishicha, unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6- (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi) va 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, «Toshtransdispetcherxizmat» UK rahbariyatining arizasiga asosan Shayxontohur tumani ma'muriy sudi tomonidan Hikmatulla M. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikda aybdor deb topildi va unga 5 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma'muriy qamoq ko‘rinishidagi jazo tayinlandi.
Ushbu moddaga ko‘ra, mayda bezorilik, ya'ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
17:02 / 12.11.2024
Piskentda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida qariyb 16 ming tup olxo‘ri daraxti yonib ketdi
14:15 / 12.11.2024
BAA o‘zbekistonlik haydovchilarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda
07:30 / 05.11.2024