Jahon | 10:02 / 12.09.2018
8127
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda “Musulmon birodarlar” tarafdorlarining 3,4 milliard dollarlik aktivlari muzlatib qo‘yildi 

Foto: AP

Misrda terrorchilik tashkilotlarining aktivlarini aniqlash, baholash va boshqarish bo‘yicha maxsus komissiya “Musulmon birodarlar” guruhining a'zosi bo‘lgan yoki u bilan bog‘langan 1589 kishining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda “Al-Vatan” nashri ma'lum qildi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, “Musulmon birodarlar” terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun biznesning turli sohalaridan olinuvchi daromadlardan foydalanish bo‘yicha maxsus reja ishlab chiqqan. Gap investitsion kompaniyalar, maishiy texnika do‘konlari, maktablar, xayriya tashkilotlari, shifoxonalar, axborot saytlari va telekanallar haqida ketmoqda. Barcha muzlatilgan aktivlar 61 mlrd Misr funtiga (3,4 mlrd dollar) baholangan.   

Nashrning ta'kidlashicha, “Musulmon birodarlar”ga qarshi bunday katta ko‘lamli choralar u tashkil topgan 1928 yildan beri ilk bor qo‘llandi.

Ayni vaqtda guruhning deyarli barcha yetakchilari panjara ortida qolmoqda. Ular davlat asoslariga putur yetkazish, mamlakatda tartibsizlik keltirib chiqarish, politsiya bo‘limlari, davlat muassasalariga hujumlar rejalashtirish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. Shu bilan birga guruhning bir qator rahbarlari boshqa davlatlarda yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.   

Mavzuga oid