Jamiyat | 17:31 / 12.09.2018
34816
7 daqiqa o‘qiladi

U qonuniy o‘tgan tenderda yutdi, yerdan esa darak yo‘q. Hokim imzosi o‘zi bilan “Paxta-2018”da

O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqildi. Strategiya asosida ijtimoiy va iqtisodiy sohani yanada rivojlantirish muhim dastur sifatida belgilandi. Mazkur ikki sohani rivojlantirish bilan qolgan ustuvor yo‘nalishlar realizatsiya qilinishiga asosiy ta'sir etuvchi omil sifatida qaraldi. Buni anglagan holda, tadbirkorlarga davlat tomonidan tegishli amaliy ko‘maklar berish Prezident tomonidan qattiq tartibda nazorat qilinmoqda. Lekin shunga qaramay joylarda tadbirkorlarga yetarli yordam bermayotgan mansabdor shaxslar ham uchrab turibdi.

KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilgan tadbirkor Ilhom Yoqubovning muammosini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumaniga bordik. Ilhom aka bilan shaxsan suhbatlashdik.

Ilhom aka bir necha yillar davomida davlat xizmatida bo‘lgan shaxs. Tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan ruhlanib 2017 yilda fermerlik bilan shug‘ullanishni maqsad qiladi. Belgilangan tartib bo‘yicha tuman hokimiyatiga murojaat qildi. G‘.G‘ulom MMTP (Muqobil mashina traktor parki) hududidagi qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan tuman hokimining 02.12.2015 yildagi №1330/214 sonli qaroriga asosan tuman zaxira fondiga qaytarilgan 1014q-1016q konturlardagi jami 8,9 gektar yer maydonlari tanlovga qo‘yiladi.

Tanlovda jami 5 nafar fuqaro Ilhom Yoqubov, T.Kamoldinov, O‘.Turg‘unov, Q.Shomurodov va T.Asqarovlar qatnashadi. Tender bevosita hokim nazoratida o‘tadi. Natijalar e'lon qilinadi. Talabgorlardan Ilhom Yoqubov eng yuqori 45 ball bilan g‘olib deb topiladi. Qolgan fuqarolar o‘rtacha 25lar atrofida ballar yig‘ishadi. Bayonnoma tuziladi, komissiya a'zolari, komissiya raisi va o‘rinbosari imzolashni boshlaydi. Tashkiliy ishlarni olib borgan a'zolar ikkilanmay komissiya yig‘ilishi qaroriga to‘g‘ri deb imzo chekishadi.

Bu orada norozi taraflardan T.Asqarov va boshqalar hokim huzuriga janjal qilib borishadi. Hokim ularni tenderni boshqatdan o‘tkazamiz deb tinchlantiradi. Ular tenderni noqonuniy o‘tkazilgan deb yozmagan tashkiloti qolmaydi. Tuman prokuraturasi hujjatlarni bittalab ko‘rib chiqadi. Prokuraturadan ularga tender qonun asosida amalga oshirilganini ta'kidlashadi. Boshqa tashkilotlar ham shuni tasdiqlaydi.

T.Asqarov va boshqalar shunga ham qoniqmay yerni o‘z foydalariga olish maqsadida bir "tadbir" uyushtirishadi. Ilhom Yoqubov farzandlik burchini bajarish uchun otasini Hajga yuborishni maqsad qilgandi. T.Asqarov va boshqalar buni bilgan holda, Ilhom akaning xonadoniga borib tuman hokimligi huzuridagi Muborak HAJ komissiyasi raisi nomiga “Begobod” MFYda yashovchi bir guruh fuqarolardan shikoyat xati tayyorlaydi. Shikoyatni Ilhom akaga ko‘rsatib undan tenderga topshirgan arizasini qaytib olishni talab qilishadi. Lekin Ilhom aka bunga rozi bo‘lmaydi. Vaholanki, arizada nomi keltirilgan 11 ta fuqarodan yarmidan ko‘pi imzo chekmagandi. Bu orada Ilhom akaning otasi Haj safariga ham ketadi.

Shikoyat arizasini qidirdik. U o‘sha kuni suhbat bo‘lgan joyda yirtib tashlangan ekan. Biz o‘sha xatni topib tiklashga harakat qildik. O‘zingiz ham guvohi bo‘lishingiz mumkin. Qisqacha mazmuni esa shunday. Fuqaro A'zamjon Yaqubovning o‘g‘li ular foydalanib kelgan (garchi tuman zaxirasida bo‘lsa ham) 1014q-1016q konturlardagi yer maydoniga ega chiqmoqchi. Yer o‘g‘li Ilhom akaga berilsa, ularning qora qozoni qaynamay qolishi mumkin. Otasi hajga borishga noloyiq. Shularni hisobga olib, Haj komissiya raisiga yubormaslik mazmunida talabnoma qo‘yilgan.

Shu voqealardan so‘ng, tuman komissiya raisi o‘rinbosari F.Abduqodirov va komissiya raisi Q.Djurayevlar ham har xil bahonalar bilan imzo chekishni kechiktirib kelishmoqda. Voqealar izohini olish uchun ushbu shaxslar bilan birma-bir suhbatlashishga harakat qildik.

Avvaliga tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga murojaat qildik. Ular barchasi qonuniy o‘tganini, tender shaffoflik asosida o‘tkazilganini tasdiqlashdi. U yerdan so‘ng, komissiya raisi o‘rinbosari F.Abduqodirov oldiga bordik. U kishi bilan bog‘lana olmadik. Keyin nega imzo chekishni kechiktirib kelayotganini bilish maqsadida tuman hokimi bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ular muhim bir majlisga ketishganini hokimiyatdagilar aytishdi. Ular bilan ham suhbatlashishga imkon bo‘lmadi. Safarimiz oxirida norozi taraf bilan ham telefon orqali suhbatlashdik. Ular Haj masalasi bo‘yicha qilgan ishini tan olib, tuman hokimligi huzuridagi Muborak HAJ komissiyasi raisi nomiga yozgan xatlarini ularga bermaganligini, o‘sha yerda yirtib tashlashganini aytishdi. Vaholanki, tuman hokimiyatiga Ilhom akaning otalarini chaqirib o‘g‘lining ustidan ariza tushganligini aytishgan.

Tadbirkor bir necha bor hokimiyatdagilar bilan gaplashgan. Ular hokim ishlardan ortmayotganini, ayni vaqtda paxta rejasi bilan bandligini aytishgan. Tender yangi tartib asosida o‘tkazilishi mumkinligini ta'kidlashgan. Shu o‘rinda bir nechta savollar tug‘iladi. Barchasi qonuniy o‘tgan bo‘lsa, nega eski tartib asosida ish oxiriga yetkazilmadi. Nega shu vaqtga qadar tuman hokimi imzo chekmay kelmoqda? Yoki qanaqadir manfaat bormi? Biz ma'lum muddatdan so‘ng ularning qo‘l telefonlariga ham bog‘lanishga urindik, lekin javob bo‘lmadi.

Prezident aynan xalqni tadbirkor qilish masalasida keng islohotlar olib bormoqda. Xususan, qurbi yetgan tadbirkorlarga yerdan foydalanishda keng imtiyozlar berilmoqda. Bunga Toshkent shahrida bo‘layotgan “Ochiq eshiklar” tadbirida qatnashib loyihalari tasdiqdan o‘tgan va ularga gektarlab berilgan yerlar misol bo‘ladi. Bo‘layotgan o‘zgarishlarni boshqa viloyat rahbarlari ham anglab yetishi kerak. Oddiy yutqazgan tarafning asossiz noroziliklariga qarab va har xil bahonalar bilan yer bermay kelayotgan tuman hokimidan jasorat kutib qolamiz. Zero, asosiy maqsadimiz xalqni rozi qilish. Ularga qo‘ldan kelgancha amaliy ko‘mak berish.


Zafarbek Solijonov

Mavzuga oid