Jamiyat | 08:45
840
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1 kilogrammdan ortiq gashish hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib ketayotgan shaxs ushlandi. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida «Qo‘qon – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan, Toshkent shahrida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Voyah rusumli avtomashina Namangan viloyati Pop tumanidagi «Namangan» YPX maskanida to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda, salondagi o‘rindiq ostiga yashirilgan qora rangli sellofan paket ichida sof og‘irligi 1 kilogramm 178 gramm bo‘lgan gashish moddasi hamda 8 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida ushbu giyohvandlik vositalarini Toshkent shahridagi mijozlarga sotish maqsadida olib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishga chaqirdi. Ma’lumot beruvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid