Jamiyat | 16:55 / 12.09.2018
4061
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ozarboyjon respublikalari Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan do‘stlik bayrami bo‘lib o‘tdi

11 sentabr kuni Toshkent shahridagi "Turkiston" san'at saroyida O‘zbekiston va Ozarboyjon respublikalarining mustaqillik kuniga bag‘ishlangan bayramona hamdo‘stlik konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Ozarboyjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirni Ozarboyjonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va do‘stona aloqalar qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonovlar ochib berishdi. 

Guseyn Guliyev O‘zbekiston ahlini Mustaqillik bayrami bilan qutlab, Ozarboyjon birodar o‘zbek xalqining muvaffaqiyat va yutuqlaridan doim quvonishini ta'kidladi. Kuni kecha Shahrisabzda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Maqom forumida ozarboyjonlik Nigyar Shabanovaning 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani, 2017 yilgi "Sharq taronalari" festivalida Sohib Poshshozodaning Gran-priga munosib ko‘rilganini alohida qayd etdi. 

Bayram konsert dasturida Ozarboyjon xalq artisti Gulyonoq Mamedova, Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan artist, Shahrisabzdagi Xalqaro Maqom festivalining 1-o‘rin sohibasi Nigyar Shabanova, "Sharq taronalari" festivali Gran-pri sohibi, Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan artist, torchi Sohib Poshshozoda hamda Bakudagi Xalqaro Mug‘om festivali sovrindori Abgul Mirzaliyev yig‘ilganlarni o‘zlarining chiqishlari bilan shod etishdi. Gulyonoq Mamedova Kontsertga tashrif buyurganlar orasida O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi ozarboyjonlar ko‘pchilikni tashkil qilib, ular o‘zlarining sevimli ijrochilariga qo‘shilib qo‘shiq kuylashdi, raqsga tushishdi. 

Tadbirda o‘zbekistonlik san'atkorlar hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazining "Ozarboyjon qizlari" raqs dastasi ham ishtirok etdi. Ta'kidlash joizki, konsertda ozarboyjonlik san'at ustalari o‘zbekcha qo‘shiqlarni, o‘zbekistonlik ijrochilar esa ozarboyjoncha qo‘shiqlarni kuylab, tadbirga haqiqiy do‘stona tus berishdi. 

O‘zbekiston va Ozarboyjon mamlakatlari madaniyati, urf-odatlarining mushtarakligi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning rivojlanishi va birgalikdagi  ko‘plab loyihalarning amalga oshirilishi uchun zamin yaratadi. 

Mavzuga oid