Jahon | 23:20 / 14.09.2018
23267
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Qozog‘iston elchisiga norozilik notasi topshirdi

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev Qozog‘istonda qirg‘izistonliklarning yoppasiga tekshirilishi yuzasidan Qozog‘istonning Qirg‘izistondagi elchisi Karim Kokrekbayevni uchrashuvga taklif qildi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri ma'lum qildi.   

Ta'kidlanishicha, Abdildayev Kokrekbayevdan qirg‘izistonliklarning Qozog‘iston aeroportlarida mutasaddi idoralar amaldor shaxslari tomonidan tekshirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga e'tibor qaratishni qat'iy so‘ragan.   

Kokrekbayevga ushbu holat yuzasidan norozilik notasi topshirilgan. Ta'kidlanishicha, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi vaziyatni kuzatib, bu masala bo‘yicha Qozog‘iston bilan ishni davom ettirmoqda. 

Oxirgi bir necha oy davomida Qirg‘iziston fuqarolari Qozog‘iston xavfsizlik xizmatlari tomonidan Qozog‘iston aeroportlarida, jumladan Olmaota aeroportida so‘roq qilinayotganlaridan shikoyat qilishmoqda. Qozog‘iston tomoni ushbu tekshiruvlarni “inson shubha tug‘dirgan holatda” “qonun doirasida” amalga oshirilayotgani bilan tushuntirmoqda. 

Qirg‘izistonliklar ularni tekshirish qat'iylashtirilganidan shikoyat qilishmoqda. Aeroportda ular alohida xonaga olib ketilib, nima uchun kelganliklari, ishlash joylari va lavozimlari haqida so‘ralmoqda hamda telefonlarni tekshirilmoqda. Shikoyatlarga ko‘ra, qirg‘izistonliklar 20-30 daqiqa davomida so‘roqqa tutilmoqdalar. 

Ta'kidlanishicha, ko‘plab qirg‘izistonliklar boshqa davlatlarga Olmaota aeroporti orqali jo‘naydilar va u orqali ortga qaytadilar. Bu Olmaota aeroporti Bishkekdagi “Manas” aeroportidan ko‘proq xalqaro reysga xizmat ko‘rsatishi bilan bog‘langan. Boshqa davlatlarda Bishkek aeroportidan uchsa ham bo‘ladi, biroq bunda peresadka qilishga to‘g‘ri keladi, chipta esa qimmatroqqa aylanadi.

Mavzuga oid