Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda DRTV shaklidagi interaktiv teledo‘konlar paydo bo‘ladi
O‘zbekiston MTRK va «HomeShoppingMedia» mas'uliyati cheklangan jamiyati 2018 yilning 12 sentabr kuni interaktiv televideniye – DRTV formatdagi Home shopping (jonli muloqot televideniyesi) faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasida hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda O‘zMTRK raisi Alisher Xo‘jayev ma'lum qildi.
Home shopping – televizion do‘kon (teledo‘kon, «uyda o‘tirib xarid qilish do‘koni») – o‘z teledasturlari orqali tomoshabinlar e'tiboriga turli iste'mol tovarlarini uyda o‘tirgan holda xarid qilishga imkon borligini namoyish etib boradi.
Teledo‘kon tovarlar taqdimotini uyushtirish bilan bir qatorda ulardan foydalanish tartibi, taklif etilayotgan savdo shakllari, narx-navosi va sotuvchining telefon raqami haqida batafsil ma'lumot yetkazib beradi. Teledo‘konlar sutka davomida 24 soat uzluksiz yoki ma'lum bir belgilangan aniq vaqtlarda efirga chiqishi mumkin.
Bu kabi teledo‘konlar foydalanuvchilar orasida keng ommalashib ketishiga bir qancha sabablar bor, ya'ni: chakana savdo rastalariga nisbatan arzonligi, qulay narxlari, xaridor o‘ziga yoqqan tovarga istalgan vaqtda telefon orqali buyurtma berish imkoni borligi, uydan chiqishga hojat yo‘qligi, sotuvchidan tovar haqidagi barcha ma'lumotlarni va ekspertlar xulosasini bilib olishi mumkinligi va hokazo.
Ushbu loyiha orqali O‘zbekiston MTRK bir tomondan o‘z auditoriyasini yana bir yangi formatdagi axborot-ko‘ngilochar televideniye bilan xursand qilsa, ikkinchi tomondan shu yo‘l bilan masofaviy savdo uyushtirish va bu orqali qo‘shimcha mablag‘lar ishlab topishni rejalashtirilgan.
Tomonlar jonli muloqot televideniyesi shaklidagi yangi interfaol formatli axborot-ko‘ngilochar tijorat telekanalini ishga tushirish va uning imkoniyatlarini o‘rganish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Shu bilan birga, tomoshabinlar auditoriyasining bu shakldagi telekanal faoliyatiga bildirgan munosabatlari bo‘yicha statistik ma'lumotlar to‘planib, tahlil qilib boriladi.
Yaqin kunlarda ushbu loyihani ishga tushirish, uni sinovdan o‘tkazish va tegishli takliflar tayyorlanishini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston MTRK tizimidagi telekanallarda turkum teledasturlarni efirga uzatish rejalashtirilmoqda.