O‘zbekiston | 13:00 / 16.09.2018
41115
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk xususiy aviakompaniya ochilishi mumkin

15 sentabr kuni Toshkent shahar hokimligida navbatdagi «Investorlar kuni» bo‘lib o‘tdi. Hokimlik matbuot xizmati xabar berishicha, unda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan tashqari O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham 40dan ortiq loyihalar bilan tanishgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Ma'lum qilinishicha, ushbu tadbirda Inter Aviaservis kompaniyasi asoschisi Jahongir Fayzullayev Toshkentda yangi aviakompaniya ochish taklifini ilgari surgan. Tadbirkor ko‘p yillar davomida avialaynerlar bozorini o‘rganib, chiptalarni sotish, parvozlar va yo‘nalishlar sonini o‘rganib chiqqan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar bilan A-320 va A-321 samolyotlarini lizing asosida sotib olish bo‘yicha shartnomalar mavjud.

«Jahongir Ortiqxo‘jayev investorning taklifini qo‘llab-quvvatlab, hokimiyatdan barcha zarur ko‘mak berilishini ta'kidladi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, uchrashuvda taqdim etilgan loyihalarning umumiy qiymati 5 trillion so‘mdan ziyod bo‘lib, ularning amalga oshirilishi 10 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishini ta'minlaydi.

«Mazkur loyihalar ijtimoiy soha obektlari, xususan zamonaviy mehmonxona, kutubxona, tibbiyot markazlari, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarini barpo etishni ko‘zda tutadi.

Tadbirda loyihalarning qariyb 90 foizi ma'qullandi», — deyiladi Toshkent shahar hokimligi axborotida.

Mavzuga oid