20:17 / 17.09.2018
21732

Gaz idoralari xalqqa suyultirilgan gazni o‘z vaqtida bermoqdami?

2017 yilning 29 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Aholiga kundalik hayotda iste'mol qilish uchun sotiladigan suyultirilgan gazning respublika bo‘yicha yagona chakana narxini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida» gi 1033-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida aholiga suyultirilgan gaz sotish va yetkazib berishda o‘g‘rilik va suiste'mollikning oldini olish maqsad qilindi. 

Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 1 avgustdan boshlab suyultirilgan gazni  qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda, yagona chakana narxda sotilishini belgilab qo‘ydi. Unga ko‘ra, Respublikaning barcha viloyatlarida 1 kg suyultirilgan gaz narxi 800 so‘m etib belgilandi. Gazni o‘z vaqtida yetkazish tumandagi gaz idoralariga topshirildi. Kun.uzga mazkur masala bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish uchun Farg‘ona viloyatiga bordik.

Murojaatchimiz Abdulaziz Abdusattorov bilan suhbatlashdik. Abdulaziz oilasi bilan Marg‘ilon shahar, Yoymado‘z mahallasi Lahutiy ko‘chasida yashaydi. Aytishicha, ko‘pdan beri bu hududlarda tabiiy gaz mavjud emas. Aholiga suyultirilgan gaz vaqti-vaqti bilan Marg‘ilongaz tashkiloti tomonidan yetkazib berib turiladi. Biroq, so‘nggi vaqtda uni yetkazib berish biroz kechikmoqda. Ovqat qilish, suv qaynatish va shu kabi kundalik zaruriyatlarni suyultirilgan gazsiz amalga oshirish qiyinlashmoqda deydi murojaatchi.

Muammoni to‘liq o‘rganish maqsadida shu hududda yashovchi fuqarolar bilan ham bog‘landik. Ular murojaatchining so‘zlarini tasdiqlashdi. Ba'zilarining uyiga kirib vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Vaziyat rostan ham achinarli. Gaz ballonsiz insonlar elektr plitalarda ovqat qilmoqda, suv qaynatishmoqda. Marg‘ilongaz bizga gaz ballonlarni o‘z vaqtida to‘ldirib berishi kerak, juda ham qiynalmoqdamiz deb muammolarini aytdi fuqarolardan bir nechtasi.

Izoh olish uchun Marg‘ilongaz tashkilotiga bordik. U yerda tashkilotning vaqtincha boshliq vazifasini bajaruvchi Muhammad Azizzoda Mirzo Ulug‘bek kutib oldi. Ular bizga bo‘layotgan vaziyatni batafsil tushuntirib berdi. Yoymado‘z mahallasiga 12 iyundan beri gaz berilgani yo‘q. Mahallada 1192 ta xonadon mavjud. Ko‘p xonadonda 2-3 tadan oila yashaydi. Aholi juda zich. Har safar kamida 1500 ta gaz ballon yig‘iladi. Shunga qaramay, ularga limitdan ortiq gaz beriladi. Avvaliga gaz ballonlar yig‘ib olinadi. Keyin xodimlar tomonidan gaz to‘ldirilib ularga qaytariladi. Har biridan gaz ballonlarini qaytarib olganligi haqida imzo olinadi. 

Hayitning ertasi kunidan ro‘yxat shakllantirilib suyultirilgan gaz tarqatish boshlandi. Shahar bo‘yicha 20581 ta xonadonga suyultirilgan gaz tarqatiladi. Ishchilarimiz gazni navbat bilan berishmoqda. Avgust oyiga 228 tonna suyultirilgan gaz ajratilgan. Kerak vaqti aholiga ortiqcha zaxirasi bilan ham berilmoqda deb aytdi Marg‘ilongazning vaqtincha boshlig‘i.

Shundan so‘ng suyultirilgan gaz tarqatilayotgan joylarni ko‘zdan kechirdik. Tarqatuvchi mas'ul shaxslar navbat Yoymado‘z mahallasiga ham kelganini aytishdi. Fuqarolar bilan bog‘langanimizda rostan ham gaz ballonlar yig‘ishtirib olinganini ta'kidlashdi. Odatda olingan ballonlar gazi bilan ikki-uch soatlar atrofida qayta fuqarolarning o‘ziga tarqatib chiqilar ekan. Bu safar yuqorida aytilgan sabablarga ko‘ra ozgina muddat cho‘zilgan.

Ko‘pchilikka ma'lum 2017 yilning 7 fevral kuni O‘zbekistonni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur strategiya bo‘yicha jamiyatni rivojlantirishda davlat amalga oshirishi kerak bo‘lgan ichki va tashqi muhim masalalar belgilab olindi. Ularning ichida eng muhimlaridan biri sifatida ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishini aytishimiz mumkin. Ijtimoiy soha deganda inson omili, ya'ni uning farovon yashashi birinchi o‘rinda turadi. Davlat xalqqa xizmat qilishi, uning dard-u tashvishlari bilan yashashi zarur deb qaraladi. Buni davlat rahbari ham bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ham ta'kidlamoqda. Umid qilamizki, nafaqat Marg‘ilongaz balki yurtimizning boshqa hududlarida ham faoliyat yuritayotgan va xalqqa suyultirilgan gazni tarqatayotgan gaz idoralari ham bu siyosatni anglab yetadi. Xalqni rozi qilishni barchasidan ustun qo‘yadi va ularga o‘z vaqtida sifatli xizmat qilishda davom etadi.

Zafarbek Solijonov

Top