16:37 / 17.09.2018
9398

«Liverpul» va «Chelsi» – Chempionlik uchun kim favorit? APLda tur yakunlari

Yurgen Klopp va Maurisio Sarri jamoasi Angliya Premer-ligasini yo‘qotishsiz davom ettirmoqda. 5-turda «Liverpul» jiddiy raqiblardan biri «Tottenhem»ni safarda mag‘lubiyatga uchratdi.

«Tottenhem» - «Liverpul» - 1:2 (0:1)
Gollar: Veynaldum, 39 (0:1). Robertu Firmino, 54 (0:2). Lamela, 90+3 (1:2). 
«Tottenhem» (London): Form, Tripper, Alderveyreld, Vertongen, Rouz, Dayyer (Vanyama, 83), Uinks (Son Xin Min, 73), Dembele (Lamela, 60), Eriksen, Lukas, Keyn.
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold (Matip, 90), van Deyk, Gomez, Robertson, Milner, Vaynaldum, Keyta (Starrij, 83), Saloh, Robertu Firmino (Xenderson, 74), Mane.

Boshqa stadion
Shanba kuni London shimolida bayram bo‘lishi - «Tottenhem»ning yangi stadioni ochilishi marosimi o‘tkazilishi kerak edi. «Uayt Hart Leyn» stadioni rekonstruksiyasi 2017-18 yilgi mavsum boshida boshlangan, ba'zan jamoa o‘yinlari vaqtida stadion atrofida ish olib borilgandi.

«Shporlar»ning yangi 62 ming kishilik stadioni qisqa vaqt ichida qurib bitkazilishi nazarda tutilgandi. «Tottenhem» 2017-18 yilgi mavsumni va 2018-19 yilgi mavsumning startini «Uembli»da ijara asosida o‘tkazishni, 5-turda «Liverpul»ga qarshi o‘yinda yangi stadionning ochilish marosimi kutilgandi. Barchasiga ulgurish uchun quruvchilar o‘tgan mavsumda «Uayt Hart Leyn»dagi oxirgi o‘yindan keyinoq uni buzishga kirishgandi.

Ammo bu yordam bermadi. Yozda «Tottenhem» qurilish ishlari kechikayotgani tufayli Angliya futbol assotsiatsiyasidan «Uembli»ning ijara muddatini 15 dekabrga qadar uzaytirishni so‘radi. Klub muxlislardan uzr so‘rab, stadionda xavfsizlik tizimidagi holat joyida emasligi tufayli ularni stadionga kirita olmasligini ma'lum qildi.

Veynaldumning tavqi la'nati yechildi
«Uembli»da esa barcha tizim yaxshi ishlamoqda. Aynan golni aniqlash tizimi tufayli «Liverpul» birinchi bo‘limda oldinga chiqib oldi: Veynaldumning bosh bilan bergan zarbasini Vorm darvoza chizig‘i ichkarisidan qaytardi. O‘yin hakami Maykl Oliverning qo‘lidagi soatda «Goal» yozuvi porladi, shunga qaramasdan «Tottenhem» futbolchilari bir muddat hakam bilan bahslashib turishdi.

Qayd etish kerakki, bu Veynaldumning Angliyadagi faoliyati davomida ilk marta safar o‘yinida gol urishi bo‘ldi. 2015 yilda «Nyukasl»ga kelgan futbolchi o‘tgan vaqt davomida 18 gol urgandi, u faqat 19-golinigina safar uchrashuvida urishga muvaffaq bo‘ldi. 

Umuman olganda, birinchi bo‘lim u qadar tomoshabop bo‘lmadi, «Tottenhem»ning markaziy chizig‘i futbolchilari - Dayyer, Dembele va Uinksning xatolarigina xavfli vaziyatlarni keltirib chiqardi. Shunday xatolardan biri burchak zarbasiga, burchak zarbasi esa Veynaldumning goliga olib keldi.

O‘yindan oldin jarohat olgan Lloris o‘rniga Pochettino Mishel Vormni o‘ynatishga majbur bo‘ldi. Belgiyalik darvozabon esa ikki marta kulgili xatoga yo‘l qo‘ydi va ikki safar ham raqib gol urdi. Veynaldumning kuchsiz zarbasini darvoza ichida turib qaytargan Vorm ikkinchi bo‘limda to‘pni Firminoning oyoqlari ostiga tashlab berdi.

O‘yin oxirida Klopp asabiylashishga majbur bo‘ldi. Dastlab Lamela o‘tkir burchakdan Alison darvozasini ishg‘ol etdi. Keyin Son Xin Min jarima maydoni ichida yiqilib, penalti so‘radi. Ammo mersisaydliklar g‘alabani saqlab qolishdi va chempionat startida 5 g‘alabali seriya qayd etildi. Bu «Liverpul» uchun tarixda uchinchi marta mavsumni ketma-ket 5 g‘alaba bilan boshlash bo‘lmoqda.

Qizil marafon
Bu o‘yin o‘tgan mavsumning eng yaxshi to‘purarlari uchun omadsiz kechdi. Keyn 90 daqiqa davomida faqat bir marta noaniq zarba bergan bo‘lsa, Salohda ikki marta qulay vaziyat bo‘lgandi. Ammo ikki holatda ham Vorm ishonchli harakat qildi. Misrlik futbolchi o‘tgan yilgi formasiga qayta olmayapti. U 5 turda atigi 2 gol bilan kifoyalandi.

«Liverpul»ni oldinda qiyin grafik kutib turibdi. «Tottenhem» to‘sig‘idan o‘tib olgan Klopp shogirdlarini endi oktabr oyi o‘rtasigacha bir qator kuchli raqiblar kutib turibdi: «PSJ», «Napoli», «Manchester Siti» va ikki marta «Chelsi»ga qarshi o‘yinlar (biri APL doirasida, ikkinchisi Angliya Ligasi Kubogi doirasida).

«Chelsi»da ham g‘alabali seriya

«Chelsi» – «Kardiff» 4:1 (2:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 16 Bamba, 1:1 – 37 Azar, 2:1 – 44 Azar, 3:1 – 80, penalti Azar, 4:1 – 83 Villian. 
«Chelsi» – Arrisabalaga, David Luiz, Alonso, Aspilikueta, Ryudiger, Kovachich (Barkli, 50), Jorjino, Pedro (Villian, 68), Kante, Azar (Dzappakosta, 84), Jiru.
«Kardiff» – Eterij, Morrison, Bennett, Manga, Bamba, Arter (Richards, 46), Rolls, Rid (Paterson, 71), Kamarasa, Xoylett, Uord (Medin, 77).

«Stemford Brij»dagi o‘yin kutilmagan gol bilan boshlandi. O‘yin boshidayoq uelsliklar jamoasi faxriy futbolchisi Bamba hisobni ochdi. U premer ligadagi ilk golini 33 yoshida urdi. Bungacha APLda debyut golini eng kech urgan futbolchi Zlatan Ibrahimovich bo‘lgandi. 

Bu gol uelsliklarning o‘yindagi yagona muvaffaqiyati bo‘lib qoldi. O‘yinning qolgan qismida Eden Azar het-trikni rasmiylashtirdi. Villian yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Chelsi» qatorasiga beshinchi g‘alabadan keyin turnir jadvalida to‘plar nisbati yaxshiligi evaziga «Liverpul»dan o‘zib ketdi. Maurisio Sarri Angliya Premer-ligasi tarixidagi mavsumni qatorasiga 5 g‘alaba bilan boshlagan to‘rtinchi murabbiyga aylandi. Sarrigacha bunday natijani Karlo Anchelotti («Chelsi», 2009/10), Xosep Gvardiola («Manchester Siti», 2016/17) va Kreyg Shekspir («Lester, 2016/17) qayd etgandi.

«Manchester Siti» – «Fulhem» 3:0 
Gollar: 1:0 – 2 Sane, 2:0 – 21 Silva, 3:0 – 47 Sterling. 
«Manchester Siti» – Ederson, Laport, Otamendi, Uoker, Delf (Gyundogan, 67), Silva, Fernandino, Sterling (Mahrez, 74), Bernardu Silva, Sane, Aguero (Gabriel Jyezus, 54).
«Fulhem» – Bettinelli, Mouson, Odoi, Kristi, Seri (Zambo-Angissa, 56), Sessenon, Yuxansen, Makdonald, Shyurrle, Vetto (Ayite, 69), Mitrovich.

Xosep Gvardiola nihoyat, mavsumda ilk marta Leroy Saneni o‘yin qaydnomasiga kiritdi. Germaniyalik futbolchi esa o‘yinning 2-daqiqasidayoq «Fulhem»ni «ko‘mib qo‘ydi». Keyin «Manchester Siti»da yubilerlar vaqti keldi, David Silva Angliyada gollari sonini 50tadan oshirgan to‘rtinchi ispaniyalik futbolchiga aylandi, Sterling esa «shaharliklar» jamoasining Gvardiola boshqaruvidagi 200-golini urdi.

«Nyukasl» – «Arsenal» 1:2 (0:0, 1:2)
Gollar: 0:1 – 49 Chaka, 0:2 – 58 O‘zil, 1:2 – 90 Klark.
«Nyukasl» – Dubravka, Dammett, Yyedlin, Fernandes, Lassels (Klark, 46), Diame, Ritchi (Muto, 79), Xeyden, Merfi (Kenedi, 69), Peres, Xoselu.
«Arsenal» – Chex, Mustafi, Monreal, Bellerin, Papastatopulos, Chaka, Remzi (Uelbek, 80), Genduzi (Torreyra, 46), O‘zil, Obameyang (Mxitaryan, 69), Lyakazett.

«Arsenal» bu turda «Nyukasl» mehmoni bo‘ldi va g‘alaba bilan qaytdi. Unai Emeri jamoasida kayfiyat yaxshi. Startda «Siti» va «Chelsi»dan uchralgan mag‘lubiyatlardan keyin jamoa qatorasiga 3 g‘alaba qayd etdi. Jamoa 2017 yil mayidan buyon ilk marta qatorasiga ikki safar o‘yinida g‘alaba qozondi. Bu g‘alabani Chakaning jarima zarbasidan yo‘llagan goli va O‘zilning «Arsenal» libosidagi yubiley 200-uchrashuvidagi goli ta'minladi. O‘yin oxirida Klark «Nyukasl»ning javob goliga mualliflik qildi. Unai Emeri shogirdlari qatorasiga uchinchi g‘alaba evaziga turnir jadvalida 9 ochko to‘plagan holda 7-o‘ringa ko‘tarildi. «Nyukasl» esa 5 o‘yindan keyin 1 ochko bilan oxirgi o‘rinlardan birida joylashgan.

«Uotford» – «Manchester Yunayted» 1:2 
Gollar: 0:1 – 35 Lukaku, 0:2 – 38 Smolling, 1:2 – 65 Grey. 
«Uotford» – Foster, Ketkart (Saksess, 88), Xolebas (Mazina, 84), Yanmat (Femeniya, 72), Kabasele, Xyuz, Dukure, Kapu, Pereyra, Dini, Grey.
«Manchester Yunayted» – De Xea, Smolling, Yang, Valensiya (Bayi, 90), Lindelef, Matich, Fellayni, Lingard (Marsial, 71), Pogba, Sanches (Maktomini, 84), Lukaku.
Ogohlantirishlar: Kapu (34), Xolebas (36), Matich (70), Valensiya (81).
Chetlatish: Matich (90)

«Uotford» g‘alabali seriyasini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. «MYu» birinchi bo‘limdayoq 2 gol urib, masalani hal qilib qo‘ydi. Ayniqsa, Smollingning goli o‘ziga xos chiqdi.

Lukaku esa «MYu» safidagi 20-golini urdi. Buning uchun u 39 marta maydonga chiqishiga to‘g‘ri keldi. Bu boradagi sermahsullikni «qizil iblislar» safida ilgari van Nistelroy (26 o‘yinda 20 gol), van Persi (32) va Duayt York (34) uddalagandi.

Lekin Joze Mourino jamoasi uchun bu oson g‘alaba bo‘lmadi. O‘yin oxirida kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y berdi, jamoa qatorasiga ikkinchi o‘yinni kamchilik bilan tugatdi. 90-daqiqada Matich qizil kartochka olib, maydonni tark etdi, qo‘shib berilgan daqiqalarda De Xea muqarrar goldan saqladi.

«Bornmut» – «Lester» 4:2 (3:0, 1:2)
Gollar: 1:0 – 19 Freyzer, 2:0 – 37 Freyzer, 3:0 – 41, penalti King, 4:0 – 81 Smit, 4:1 – 88, penalti Meddison, 4:2 – 89 Olbrayton.
«Haddersfild» – «Kristal Pelas» 0:1 (0:1, 0:0)
Gol: 0:1 – 38 Zaa.
«Vulverhempton» – «Byornli» 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 61 Ximenes.
«Everton» – «Vest Hem» 1:3 (1:2, 0:1)
Gollar: 0:1 – 11 Yarmolenko, 0:2 – 31 Yarmolenko, 1:2 – 45 Sigurdsson, 1:3 – 61 Arnautovich.

Bugun tur doirasidagi oxirgi o‘yin «Sauthempton» va «Brayton» o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

To‘purarlar

Turnir jadvali

Top