«Arsenal» – «Everton» 2:0
Gollar: Yokeresh, 89 (1:0). Douman, 90+7 (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 74), Timber (Moskera, 38), Subimendi (Douman, 74), Rays, Eze, Madueke (Martinelli, 61), Saka, Havers (Yokeresh, 61)
«Everton»: Pikford, Kin, O`Brayyen, Mikolenko, Garner, Gana Guyye (Jorj, 90+5), Iroegbunam (Rel, 86), Dyusberi-Holl, Ndiay, Makneyl (Armstrong, 86), Betu (Barri, 69)

«Arsenal» o‘z maydonida kechgan o‘yinda to‘pga egalik qildi, ammo dastlabki 20 daqiqa ichida qarshi hujumlardan ikki bor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Birinchi holatda Rayyaning xatosidan keyin Maknilning zarbasidan keyin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni yotgan holatda oyog‘ini ko‘tarib qolish orqali to‘xtatib qoldi.

Maknilning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ndiay esa vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinroq Maknilning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi.

«Kanonirlar» esa tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay (birinchi bo‘limning o‘zida 13 zarba berildi), hisobni ocha olmadi. Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolgan vaziyat Havers jarima maydoni ichida yiqilishi bo‘ldi. Bu epizodda Kin avvaliga raqib hujumchisining oyog‘ini bosib oldi, keyin esa qo‘llari bilan turtib yiqitdi, ammo bosh hakam va VAR xonasidagilar kontakt penalti uchun yetarli emas deb topdi.

Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar uzoq masofadan zarba berishga e’tibor qarata boshladi, xususan, Ezening aylantirib yo‘llagan zarbasiga Pikford yetib bora olmadi, ammo to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urdi va tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi o‘rniga o‘ng qanot vingeri Doumanni maydonga tashladi. Aynan shu o‘zgarish o‘yinni hal qildi. Avvaliga ushbu yosh yarimhimoyachining o‘ng qanotdan uzatmasidan keyin Pikford to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Inkapiye esa to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga yetib kelgan Yokereshning oyoqlari ostiga tashlab berdi.

So‘nggi daqiqalarda mehmonlar hisobni tenglashtirish umidida to‘liq tarkib bilan oldinga tashlandi, Douman esa burchak zarbasidan keyin uyushtirilgan qarshi hujumda bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, APL tarixiga kirdi. Maks 16 yosh-u 73 kunligida liga tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu orqali u Jyeyms Von tomonidan 2005 yilda o‘rnatilgan rekordni (16 yosh-u 270 kun) yangiladi.