Sport | 15:37 / 17.09.2018
15612
12 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning ilk gollari, «Roma» va «Milan»ning qoqilishi, Duglas Kostaning sharmandali qilig‘i - Italiyada tur voqealari

Italiya chempionatida 4-tur o‘yinlari 17 sentabr kuni kechqurun o‘tkaziladigan SPAL - «Atalanta» bahsi bilan yakunlanadi. Shanba va yakshanba kunlari esa bir qancha e'tiborga molik voqealar yuz berdi.

Turning markaziy o‘yinida Ronalduning ilk gollari «Yuventus» g‘alabasini ta'minladi

«Yuventus» o‘z maydonida «Sassuolo» bilan bellashdi. Yozda 112 million yevro evaziga xarid qilingan Krishtianu Ronaldu o‘yinda 2ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu voqeani Ronaldu va «Yuventus» muxlislari uzoq kutishlariga to‘g‘ri keldi. Ularning quvonchiga portugaliyalik hujumchi Chempionlar Ligasi bahslaridan oldin, «Yuventus» tarkibidagi gollari hisobini ochishga erishdi. Shubhasiz, bu bilan uning yelkasidan juda katta tog‘ ag‘darildi. O‘yin 2:1 hisobida yakunlandi.

Bellashuvdan keyin, o‘yin qahramoni o‘z hissiyotlarini yashira olmadi.

«Juda ham baxtiyorman. «Yuventus»dagi ilk gollarimni intizorlik bilan kutgandim. Gol urolmayotganim haqidagi kesatiqlar meni xavotirga solmoqda edi», - dedi Ronaldu.  

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 100% ko‘rsatkich bilan A Seriya peshqadami bo‘lib turibdi.

Yuventus – Sassuolo 2:1 (0:0, 2:1)
16 sentabr, Turin, «Alyants Stedium»
Gollar: 1:0 – 50 Ronaldu, 2:0 – 65 Ronaldu, 2:1 – 90 El-Babakar. 
Yuventus – Shchensni, Bonuchchi, Benatiya, Aleks Sandro (Kuadrado, 80), Joau Kanselu, Xedira, Matyuidi, Djan (Bentankur, 71), Ronaldu, Manjukich (Duglas Kosta, 61), Dibala.
Sassuolo – Konsili, Ferrari, Marlon, Lirola, Rojyerio (Dell`Orko, 72), Boateng, Jurichich (Di Franchesko, 61), Burabiya, Dankan, Berardi, Lokatelli (El-Babakar, 83).
Ogohlantirishlar: Jurichich (23), Berardi (26), Joau Kanselu (32), Burabiya (40), Aleks Sandro (60), Duglas Kosta (90).
Chetlatish: Duglas Kosta (90).

«Inter»ning kutilmagan mag‘lubiyati

Chempionlar Ligasi ishtirokchisi «Inter» o‘z maydonida A Seriya debyutanti «Parma»ni qabul qildi. «Ko‘k-qoralar» o‘yinni asosiy hujumchisi Mauro Ikardisiz boshladilar. Argentinalik kichik jarohati sababli, zaxira o‘rindig‘ida qoldi. Natijada, «Inter» hujumda juda zaif ko‘rindi. Birinchi bo‘limda jamoa ko‘proq hujum qilgan bo‘lsa-da, «Parma» darvozaboniga qiyinchilik tug‘dira olmadi. Ikkinchi bo‘limda bosh murabbiy Spalletti Ikardini maydonga tushirdi. «Inter» hujumlarida xilma-xillik paydo bo‘lsa-da, baribir raqib darvozasi ishg‘ol etilmadi. 79-daqiqada esa Dimarko uzoq masofadan ajoyib zarba yo‘llab, jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.

Bahsdan so‘ng, «Inter» bosh murabbiyi Luchano Spalletti faylasuflarga xos xotirjamlikni namoyon qildi.

«Biz o‘ylagan rejalarimizni amalga oshirolmadik. «Parma» «Yuventus»ga qarshi o‘yindagi imkoniyatlaridan bugun foydalanib qoldi. 4ta o‘yinda 2 marta yutqazdik, bunga bahona va sabab topish juda mushkul. Biz ko‘proq ishlashimiz lozim», - dedi murabbiy.

«Napoli»ning og‘ir g‘alabasi 

Karlo Anchelotti qo‘l ostida mavsumni boshlagan «Napoli» hali izlanish yo‘lida desak ham bo‘ladi. Jamoa dastlabki 4ta turda atigi 6 marta raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Bu turda «Napoli» o‘z maydonida «Fiorentina» bilan bellashdi. O‘yin deyarli teng kurashlar ostida o‘tdi. Har ikkala jamoa avvalo himoya haqida o‘yladilar. Biroq, «Napoli»ning hujumlari xavfliroq bo‘ldi. Bu faqat o‘yin yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida o‘z samarasini berdi. Insine chiroyli gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. 

O‘yindan keyin, bosh murabbiy Karlo Anchelotti uning o‘yiniga yuqori baho berdi.

«Insine o‘yinni juda yaxshi o‘tkazdi. U o‘zini yaxshi tomonlama namoyon qila oldi. Shubhasiz, Lorentso men uchun bahsning eng yaxshi futbolchisidir», - dedi Anchelotti.

Bu natijadan so‘ng, «Napoli» 9 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

«Roma»ning qoqilishi

«Roma» o‘z maydonida yaqqol autsayder «Kevo»ni qabul qilib, 2:2 hisobidagi kutilmagan durangni qayd etdi. Dastlabki yarim soat rimliklar tashabbusi ostida o‘tdi. El-Shaaravi va Kristante gollari evaziga «Roma» 2:0 hisobida oldinga o‘tib oldi. Ikkinchi bo‘limda esa «Kevo» kuchli iroda ko‘rsata oldi va Birsa bilan Stepinski gollaridan so‘ng, hisobni tenglashtirdi. Rimliklar yozda ko‘plab futbolchilarini sotib yubordilar, bir qancha yangi o‘yinchilarni oldilar. Bosh murabbiy Eusebio di Franchesko esa hamon jamoaning optimal tarkibini aniqlay olmadi. Chempionlar Ligasi bahslaridan oldin esa bu rimlik tiffozilar uchun xavotirli holat. 

O‘yindan so‘ng, Eusebio di Franchesko muvaffaqiyatsizlik sabablariga to‘xtalib o‘tdi.

«Keling o‘yinni tahlil qilaylik. Ha, biz yomon himoyalandik, ammo ko‘p hujum qildik. Biz natijani yirikroq qilishimiz mumkin edi, ammo yakunda ochko yo‘qotdik. Biz himoyani kuchaytirishimiz shart, jamoa esa juda ko‘p tavakkal qilmoqda» - dedi u.

«Latsio»ning muhim g‘alabasi

«Latsio» safarda «Empoli» bilan bellashdi va 1:0 hisobidagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Yagona gol 47-daqiqada Parolo tomonidan urildi. Dastlabki 2 turda asosiy raqobatchilari hisoblanmish «Napoli» va «Yuventus»ga yutqazgan «Latsio» keyinchalik 2ta qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi va jadvaldagi o‘rnini biroz yaxshilab oldi. Shubhasiz, bu yutuq futbolchilarga ruhiy jihatdan ijobiy ta'sir qiladi va «Latsio»ga keyingi o‘yinlarda yordam beradi.


O‘yindan so‘ng, «Latsio» bosh murabbiyi Simone Indzagi bu g‘alabaning juda muhim ekanini tasdiqladi.

«Birinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi. Yaxshiyamki, ikkinchi bo‘limda gol ura oldik. A Seriyadagi muvaffaqiyatsiz startdan so‘ng, bunday g‘alabaga muhtoj edik. Endi bizni Yevropa Ligasidagi qiyin bahslar kutmoqda» - dedi Indzagi.

Iguain ilk golini urdi, ammo «Milan» hali ko‘p ishlashi kerak

«Milan» safarda «Kalyari» mehmoni bo‘ldi. Birinchi bo‘lim mezbonlarning ustunligi ostida o‘tdi va ular tezkor gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. 4-daqiqada Joao Pedro raqib himoyachilarining xatosidan foydalanib, to‘pni darvozaga yo‘lladi. «Kalyari» tanaffusgacha hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi. Bir necha vaziyatda darvozabon Donnarumma, boshqa holatda darvoza ustuni va to‘sini «rossoneri» joniga ora kirdi. Ikkinchi bo‘limda «Milan» jonlanib qoldi. 55-daqiqada Gonsalo Iguain raqib himoyachilari xatosidan foydalanib, darvozabonni aldab o‘tib, to‘pni to‘rga yo‘lladi. 

Bu argentinalikning «Milan» tarkibidagi ilk goli bo‘ldi. Mehmonlar g‘alabani ilib ketish uchun xarchand urinishmasin, hisob o‘zgarmadi. Bu bellashuv yozda tarkibini kuchaytirib olgan «Milan»ning hali ko‘p ishlashi lozimligini ko‘rsatib berdi.

A Seriya 4-tur natijalari

15 sentabr
Inter – Parma 0:1 (0:0, 0:1)

Gol: 0:1 – 79 Dimarko. 

Napoli – Fiorentina 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 79 Insine. 

Frozinone – Sampdoriya 0:5 (0:1, 0:4)
Gollar: 0:1 – 10 Kualyarella, 0:2 – 47 Kaprari, 0:3 – 54 Defrel, 0:4 – 83, penalti Kovnatski, 0:5 – 86 Defrel. 

16 sentabr
Roma – Kevo 2:2 (2:0, 0:2)

Gollar: 1:0 – 10 El-Shaaravi, 2:0 – 30 Kristante, 2:1 – 52 Birsa, 2:2 – 83 Stempinski. 

Udineze – Torino 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 28 de Paul, 1:1 – 49 Meyte. 

Jyenoa – Bolonya 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 69 Pentek. 

Empoli – Latsio 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 47 Parolo. 

Kalyari – Milan 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 4 Joao Pedro, 1:1 – 55 Iguain. 

17 sentabr
SPAL – Atalanta

A Seriya jadvali

A Seriya to‘purarlari
4 - Kshishtof Petek (Jyenoa), Gregore Defrel (Sampdoriya)
3 - Rodrigo De Paul (Udineze, 1), Marko Benassi (Fiorentina)

Tur qahramoni - Krishtianu Ronaldu («Yuventus»)

«Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Sassuolo»ga (2:1) qarshi o‘yinda raqib darvozasini ikki marta ishg‘ol etdi. Bu mashhur portugaliyalikning A Seriyadagi dastlabki gollari bo‘ldi.

Qizig‘i shundaki, Ronalduni bu o‘yinda ilk marotaba qallig‘i Jorjina Rodriges va farzandlari stadionda kuzatib borishdi. Balki shu voqea futbolchini yanada ilhomlantirgan bo‘lsa, ajab emas. 


Tur antiqahramoni - Duglas Kosta («Yuventus»)

«Yuventus» yarimhimoyachisi Duglas Kosta «Sassuolo»ga (2:1) qarshi bahsning so‘nggi daqiqalarida quyushqondan chiqib ketdi.

Dastlab u raqibi Federiko Di Francheskoni tirsagi bilan urdi va unga boshi bilan yengil zarba berdi. 

Natijada, bosh hakam unga sariq karta ko‘rsatdi. Biroz o‘tgach, o‘zini bosib ololmagan Duglas Kosta Di Francheskoning yuziga tupurdi. Bu holatni kuzatib borayotgan video-yordamchilar darhol bosh hakamga xabar berishdi. 

Natijada, Duglas Kosta zudlik bilan maydondan chetlatildi. Endi u 5 o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin. Bahsdan so‘ng, Duglas Kosta jamoadoshlari va muxlislardan uzr so‘radi.

Tur iqtibosi - «Dibala asosiy tarkibda tushishga loyiq ekanini isbotlashi shart»

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri nega hujumchi Paulo Dibalaga o‘yin amaliyotini bermayotganini aytdi.

«Paulo mening taktikam tufayli o‘ynamayapti. Men asosiy tarkib uchun 11 va zaxiradan tushadigan 3 futbolchini tanlab olishim kerak. Dibala asosiy tarkibda tushishga loyiq ekanini isbotlashi shart. Bu gap barcha futbolchilarga taalluqli, bunda boshqa yo‘l ko‘rmayapman» - dedi Allegri.

Tur raqami - 19

A Seriyaga qaytgan «Parma» safarda «Inter»ni mag‘lub etdi. Bu so‘nggi 19 yilda ilk marotaba sodir bo‘ldi.

Oxirgi marta «Parma» 1999 yil may oyida Mario Stanich, Faustino Asprilya va Diyego Fuzer gollari evaziga «Inter»ni 3:1 hisobida yenggan, «ko‘k-qoralar» safidagi yagona gol afsonaviy braziliyalik Ronaldo hisobiga yozilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid