O‘zbekiston | 15:45 / 18.09.2018
3609
3 daqiqa o‘qiladi

Ilg‘or texnologiyalar markazi rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari berildi

“Innovatsion faoliyatni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.  
 
Norma’ning yozishicha, birinchidan, Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mahalliy ilmiy ishlanmalarni joriy qilish va tijoratlashtirishni ko‘zda tutadigan ilmiy startaplarga grantlar yoki foizsiz qarz ajratadi. Bunda investorlar kamida 30% miqdorida o‘z mablag‘larini kiritishlari lozim.
 
Eslatib o‘tamiz, Jamg‘arma prezidentning 29.11.2017 yildagi PF-5264-son Farmoni bilan Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi negizida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan.
 
Ikkinchidan, Ilg‘or texnologiyalar markazi tuzilmasida Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilinadi. U yerda yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun laboratoriya asbob-uskunalari, ishlab chiqarish maydonlari va ofis xonalari imtiyozli shartlarda 2 yil muddatga ijaraga taqdim etiladi (Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda davr 5 yilgacha uzaytirilishi mumkin).
 
Eslatib o‘tamiz, Ilg‘or texnologiyalar markazi Prezidentning 19.04.2018 yildagi PQ-3674-son qarori bilan “Yuqori texnologiyalar o‘quv-eksperimental markazi” Davlat korxonasi negizida tashkil etilgan.
 
Bundan tashqari, Ilg‘or texnologiyalar markazi rezidentlari 2022 yil 1 yanvargacha quyidagilardan ozod qilindi:

• yer solig‘i;
• foyda solig‘i;
• yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
• yagona soliq to‘lovi;
• o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan xom ashyo va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari).
 
Soliq kodeksining 30-moddasiga binoan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan taqdim etilmaydi. Normativ-huquqiy hujjat rasman e'lon qilingandan keyin mazkur sharhga imtiyozlarning yuridik asosi bo‘yicha aniqlashtirish kiritiladi.

Mavzuga oid