Sodiq Safoyev Mubashir Javod Akbar bilan muzokaralar o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining beshinchi majlisida ishtirok etish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri Mubashir Javod Akbar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari, shu jumladan joriy yil oktabrda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifini tashkil etishga doir masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida do‘stlik va strategik hamkorlik munosabatlari ildam rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Ko‘p asrlik madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalarga, eng avvalo, xalqlarimiz o‘rtasidagi chin do‘stlik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari yuksak darajadagi ikki tomonlama hamkorlik sifatida tavsiflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Hindistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qo‘shma tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, Hindistonda O‘zbekiston Respublikasining madaniyat kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, barqaror taraqqiyotga xavf soluvchi tahdidlarga qarshi kurashish, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarni, transport-logistika va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi.
Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni, shu jumladan parlamentlararo do‘stlik guruhlari yo‘nalishida ham mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Hindiston Respublikasi Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Mubashir Javod Akbar O‘zbekiston va Hindiston qo‘shma tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun barcha sa'y-harakatlarni ishga solishga tayyorligini bildirdi.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024