O‘zbekiston | 17:48 / 19.09.2018
3496
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK «Cargolux» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi

19 sentabr kuni «Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar» mavzuidagi xalqaro konferensiya arafasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK direksiyasida milliy aviakompaniya bosh direktori Baxtiyor Hakimov «Cargolux Airlines International S.A.» aviakompaniyasining Gruziya va MDH davlatlari bo‘yicha Mintaqaviy direktori Vugar Nasibov hamda Lyuksemburg fuqaro aviatsiyasi Direktorati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Charlz Klein bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar aviayuktashuvlari sohasida hamkorlik qilish va «Navoiy» xalqaro intermodal logistika markazi orqali tijoriy qatnovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

«Bizning aviakompaniya butun dunyo bo‘ylab yuk tashuvlarini bajaradi va bu borada Markaziy Osiyo mintaqasi bizni o‘ziga jalb etadi. Biz O‘zbekiston bozorida o‘z imkoniyatlarimizni kengaytirish, shuningdek, «Navoiy» xalqaro aeroporti negizida tashkil etilgan Xalqaro intermodal logistika markazi orqali yuk tashuvlarini amalga oshirishdan mafaatdormiz, boisi mazkur markaz Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashuvlarini bajarish uchun juda qulay hududda joylashgan», - deydi «Cargolux» mintaqaviy direktori.

Yig‘ilish davomida yer usti xizmati, xizmatlar tarifikatsiyasi, chegirmalar berish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, «Cargolux Airlines International S.A.» Lyuksemburgda joylashgan yuk tashuvchi aviakompaniya bo‘lib, u Yevropaning dunyo bo‘ylab muntazam yuk tashuvlarini amalga oshiradigan eng yirik transport aviakompaniyalaridan biridir.

Mavzuga oid