Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Chiqindi bo‘lgandan keyin hidi chiqadi-da» - Yunusoboddagi mahalla muammolariga mutasaddilarning munosabati
Bugungi kunda fuqarolarimizning yashash sharoitini yaxshilash, ularning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Har bir fuqaroni qiynayotgan muammolarga yechim topish, ularni rozi qilish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
«KUN.UZ» tahririyatiga Toshkent shahri, Yunusobod tumani, «Tiklanish» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ijodiy guruh mahalla sari yo‘l oldi. Odamlar dardini tingladik. Ma'lum bo‘lishicha, shu mahallaga yaqin joyda Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish Yunusobod tuman shoxobchasi joylashgan ekan. Mazkur shoxobchaning qurilishi Toshkent shahar hokimligi tomonidan Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Guler ko‘chasi, 60-uy manzilda, ilgari sanoat zonasi bo‘lgan hududdan yer ajratilgan. Qurilish ishlari 1998 yilda boshlanib, 2004 yilda foydalanishga topshirilgan. Qurilgan vaqtda atrofida aholi yashash joylari bo‘lmagan. Shoxobchadan chiqayotgan badbo‘y hid mahallagacha borib, shu yerda istiqomat qiluvchilarni qiynamoqda.
«Bir qancha joylarga murojaat qildik, lekin bir hafta yaxshi bo‘lib qoladi-da yana sasiy boshlaydi. Bunday holat qachongacha davom etadi axir?», deyishdi murojaatchilar.
Shundan so‘ng real vaziyatni o‘rganish uchun shoxobchaga bordik. Pishiqchilik mavsumi bo‘lgani sababli aholi tomonidan bu yerga organik chiqindilar (tarvuz, qovun va boshqa sabzavot-mevalarning po‘choqlari) olib kelib tashlanar ekan. Ajablanarlisi shuki, korxona mutasaddilarining izohiga qaraganda, ushbu shoxobcha ishga tushirilgan vaqtda bu yaqin atrofda mahalla, uy yo‘q bo‘lgan.
«Biz ham ishlayapmiz, lekin nima qilaylik, chiqindi bo‘lganidan keyin hid chiqadi-da», deya o‘z izohini bildirib o‘tdi mutasaddilardan biri.

Masalaning yana bir qiziq tomoni shuki, shu mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolar uy qurib, ko‘chib kelishdan oldin bu shoxobcha borligini bilishmaganmi? Yoki bo‘lmasa shoxobcha qoida bo‘yicha ishlamayaptimi?
Tasvirga olish jarayonida shoxobchada chiqindi suvlari ko‘lmak bo‘lib turganiga hamda «Maxsustrans» mashinalaridan chiqindi suvlari oqib ko‘chaga tushayotganiga guvohi bo‘ldik. Korxona rahbarlarining ta'kidlashicha, chiqindi suvlarni ular qabul qilmasliklari kerak ekan.
«Lekin nima qilaylik, chiqindi bilan sharbat ham kelyapti, hamma hid shundan tarqaladi o‘zi», deb ta'kidlab o‘tdi ulardan biri.

Mahalla fuqarolari va shoxobcha rahbarlari ancha vaqt muammoga yechim topishga harakat qilib ko‘rishgan, biroq bir necha yillardan buyon cho‘zilib kelgan muammo hal bo‘lmagan. Fuqarolar ko‘pdan beri shoxobchaning mahallaga qaragan tarafidan devor ko‘tarib, daraxt ekishni iltimos qilishganini, lekin shoxobcha tomonidan haligacha bu iltimos bajarilmaganini ta'kidlashdi. Haqiqatan ham uylar shoxobchaga yaqin joyda qurilgan.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, ularni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mib tashlash va realizatsiya qilishni nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent shaxar boshqarmasiga borib, bu masala bo‘yicha izoh so‘radik. Yunusobod tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazidan ham izoh oldik.
Biz bilan suhbatlashgan mutaxassisning fikricha, uylar qoida bo‘yicha chiqindi yig‘ish shoxobchasidan 500 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerak. «Tiklanish» mahallasi kerakli masofa bo‘yicha qurilgan. Faqat shamol yo‘nalishi ba'zida shu mahalla tarafga esadi. Lekin chiqindi yig‘ish shoxobchasi belgilangan tartibda ishlasa, badbo‘y hid kamayib, fuqarolarni bezovta qilmaydi.
«Hozircha bizga tekshirish mumkin emas. Agar ruxsat berishsa, borib tekshiramiz», deyishdi boshqarmadagilar.

Demak, Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish Yunusobod tuman shoxobchasi belgilangan tartib bilan ishlasa, chiqindi tashish transportlarining chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilishi nazoratga olinsa, ularni tozalash, yuvish, dizenfektsiya qilish ishlariga alohida e'tibor qaratilsa, chiqindilardan hosil bo‘lgan ko‘lmak suvlar to‘planishiga yo‘l qo‘yilmasa:
- birinchidan, badbo‘y hidlar kamayadi;
- ikkinchidan, kamaygan hid mahallagacha yetib bormaydi;
- uchinchidan, bunday tushunmovchiliklar, muommolarning oldi olinadi.
Shu bilan bu mahallada ishimiz tugadi deb ketishga otlanib turgan edik, bizni ushbu mahallaning Mayqo‘rg‘on va Yuqori Qoraqamish ko‘chalarida joylashgan chorraha tomon boshlashdi. Chorrahada mashinalarning harakatlanish darajasi yuqori, ammo buni hech kim tartibga solmayotganiga guvoh bo‘ldik. «Biz shu chorrahaga svetafor qo‘yib berilishini so‘rab, bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik. Lekin javob xatida «Texnicheskiy sredstva organizatsi dorojnogo dvijyeniya. Pravila primeneniya» GOST A 23457-86 bo‘yicha o‘rganiladi» deb javob berildi.
Ertalab va tushdan keyin qiynalyapmiz. Farzandlarimiz maktabga, bog‘chaga borishadi. Biz doim xavotirdamiz, ertaroq svetofor o‘rnatilsa yaxshi bo‘lardi», deyishdi o‘sha yerda istiqomat qiluvchilar.

Muammolarni tahlil qilishga harakat qilib ko‘rdik. Shoxobcha qurilgan vaqtda atrofida uylar bo‘lmagan, aholi keyinchalik shoxobcha atrofiga ko‘chib kelishgan. Har bir inson qayerga ko‘chib borayotgani haqida, albatta, ma'lumotga ega bo‘ladi. Chunki bir umr yashaydigan joyi. Lekin odamlar ko‘chib kelishganida bu yerda noxush hid bo‘lmagan. Keyinchalik ish hajmi ortgani, texnologiyalar eskirgani yoki o‘rnatilgan tartib bo‘yicha ishlamaslik oqibatida noxush hid mahallagacha boradigan bo‘lgan.

Ushbu holat tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olinib, monitoring ishlari doimiy olib borilsa, o‘ylaymizki, bu kabi muammolar bo‘lmaydi. Chorrahaga svetofor o‘rnatish masalasini ham tegishli tashkilot mutasaddilari inobatga olsa, noxush holatlarning oldi olinardi. Axir asosiy maqsad xalqni rozi qilish emasmi?
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
17:57 / 16.04.2026
Chorvoqda chiqindilar noqonuniy tashlanishiga qarshi kameralar o‘rnatilmoqda
15:16 / 13.04.2026
Bo‘stonliq tumanidagi «noqonuniy chiqindixona» bartaraf etildi
11:35 / 02.04.2026
Iste’molchilar chiqindini olib ketmagan korxonani antiqa yo‘l bilan jazoladi
12:23 / 25.03.2026