Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha loyiha amalga oshiriladi
O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan 78 million dollarlik xalqaro loyiha amalga oshiriladi. Loyiha mamlakatning chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot sohasida qator xalqaro uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda Markaziy Osiyo davlatlari hamda xorijiy hamkorlar bilan chiqindilarni samarali boshqarish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, Saudiya Arabistonining Vision International Investment Company va Fransiyaning SUEZ International kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartlarini belgilab beruvchi kelishuv (Head of Terms) imzolandi.

Hujjatga agentlik direktori Sharifbek Hasanov, Vision International Investment Company prezidenti Omar Almidani hamda SUEZ International kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Silvere Delaunay imzo chekdi.

Qiymati 78 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha xavfli chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Uning amalga oshirilishi ekologik xavflarni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlash ulushini oshirish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilarni jamlagan Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyatning ishonchi ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Mavzuga oid
18:20 / 04.07.2026
Toshkentning har bir tumanida 15-20 tadan jamoat hojatxonalari quriladi
10:30 / 04.07.2026
O‘zbekistonda 11 ta chiqindidan energiya ishlab chiqarish zavodi quriladi
09:15 / 27.06.2026
Qaysi mamlakatlarda yadro chiqindilari eng ko‘p? Yangi xarita e’lon qilindi
17:57 / 16.04.2026