Samarqandda YHXB boshlig‘i matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berdi
Samarqand viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida ilk marta mahalliy jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirildi.
Unda viloyat IIB YHXB boshlig‘i, polkovnik Abdunabi Nosirov haftaning juma kunlari «Yo‘l harakati xavfsizligi kuni» va har oyning uchinchi jumasida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilayotgani haqida ma'lumot berdi.
«Avtomobilsiz kun» aksiyasini o‘tkazishda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishini kamaytirish nazarda tutilgan bo‘lib, bu aksiya majburiy emasligiga alohida urg‘u berildi. Biroq butun dunyoda bo‘lib o‘tayotgan tendensiyadan chetda qolmaslik, aholiga bu borada tushuntirish berish uchun ham YHXB ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish taqozo etilayotgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda so‘zlar ekan, Abdunabi Nosirov viloyat yo‘llarida o‘lim va og‘ir jarohat bilan tugaydigan avtohalokatlarning oldini olish uchun yilning 8 oyi mobaynida qanday ishlar amalga oshirilganini ham so‘zlab berdi.
Jumladan, eng qiyin uchastkalarda fotoradarlar o‘rnatilgani, avtomobil va radar mulyajlarlari qo‘yilgani yo‘llarda noxush hodisalarning oldini olishda katta yordam berayotganini alohida sanab o‘tdi.
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida viloyat IIB YHXBning «Telegram», «Facebook» ijtimoiy internet tarmoqlarida akkauntlari ochilib, fuqarolar tomonidan kelib tushgan takliflar o‘rganilib, yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan aniqlanib saytga joylashtirilgan 300dan ortiq qoidabuzarliklar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilgani aytildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 377-sonli Qarorida 2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasiga asosan Davlat YHX xizmati huzurida Jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanib, uning asosiy vazifalari qatorida DYHXXda targ‘ibot inspektorlari sonini oshirish va maxsus texnika bilan tegishli tarzda jihozlangan tashviqot bo‘limini tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni (muxbir, operator, jurnalist va boshqalar), shuningdek, IT-mutaxassislarni DYHXXga shartnoma asosida ishga jalb qilish, yo‘l harakati ishtirokchilariga har tomonlama, shu jumladan, texnik, maslahat va boshqa yordam ko‘rsatuvchi «Yo‘l posboni» tuzilmasini tashkil etish nazarda tutilgani haqida tushuncha berildi.
Viloyat YHXB boshlig‘i Samarqand shahrida YPX inspektorlari yetishmasligi, ularning soni 50 nafar ekani, ularning 10–12 nafari tungi smenada ishlashi, viloyatga kunora xorijiy va boshqa delegatsiyalar tashrif buyurayotgani, ularni kuzatib borishga ham xodimlar jalb qilinayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, delegatsiyalarni kuzatish uchun poytaxtdagidek alohida otryad tashkil etish, yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlash uchun xodimlar uchun qo‘shimcha shtatlar tashkil qilish borasida IIVga takliflar berilganini aytib o‘tdi.
Abdunabi Nosirov matbuot anjumaniga yig‘ilgan jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Shuningdek, jurnalistlar tomonidan viloyatda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta'minlashda yordam beruvchi takliflar ham yangradi. Ayrim takliflar juda o‘rinli ekanligi qayd etildi va yig‘ilishda qatnashgan IIB YHXB xodimlari aytilgan takliflarni yozib olishdi.
Nosirov IIB YHXB va jurnalistlar bilan bunday formatdagi matbuot anjumani va brifinglar endi muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilishini alohida ta'kidladi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024