Xivaliklar murojaati - mahallamiz chiqindidan toza va obod bo‘lsin
KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati, Xiva shahrining «Do‘stlik» mahallasida istiqomat qiluvchi aholidan murojaat kelib tushdi.
Unda chiqindilarning to‘planib qolishidan mahalla aholisi aziyat chekayotgani haqida yozilgan edi. Vaziyatni o‘rganish uchun Xiva shahriga bordik.
«Do‘stlik» mahallasi azim shaharning markazida, tarixiy «Ichan qal'a» yodgorligidan atigi bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan. Mahalla hududida joylashgan chiqindi tashlash o‘chog‘i ko‘pqavatli binolar orasida qurilgan, devor bilan o‘ralgan. Uning ahvoli darhaqiqat achinarli ekanini, chiqindilarning to‘planib qolganini, o‘choqdan tashqariga tashlanayotganini ko‘rdik. Bunday sharoitda, ayniqsa, quyosh taftida chiqindilar sasib ketayotganini, yoqimsiz hiddan odamlar aziyat chekayotganini, atrof-muhitning sanitariya holati buzilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Bu vaziyat bo‘yicha Xiva shahrini chiqindidan tozalash bilan shug‘ullanuvchi «Toza hudud» DUK rahbari Umid Aminovdan izoh so‘radik.
«Xiva shahrida 21ta mahalla mavjud, bundan tashqari, 12ta chiqindi tashlash o‘chog‘i bor. Ayni paytda korxonamizda chiqindi yig‘ishga mo‘ljallangan 7ta maxsus mashina bor. Mahallalarda haftasiga 2 marta chiqindi yig‘ishni tashkil qilganmiz.
O‘choqlar bo‘yicha esa muammo bor. Ular aholi ko‘p istiqomat qiladigan hududlarda bo‘lgani sababli, har kuni tozalanishi lozim. Biroq, maxsus texnika yetishmovchiligi bunga yo‘l bermayapti. Tez orada yana 2ta maxsus mashina olamiz, shunda ishimiz ancha yengillashadi», - dedi Umid Aminov.
Aholi ko‘p istiqomat qiladigan hududdagi chiqindi tashlash o‘chog‘i muammosi uni o‘z vaqtida tozalash bilan butkul hal bo‘lmaydi. Bu borada bir qancha tadbirlarni izchil amalga oshirish lozim.
Birinchidan, aholi tomonidan chiqindilarni o‘choq ichiga tashlanishi ta'minlanishi shart. Biz kuzatgan vaziyatda chiqindilar o‘choq atrofiga tashlanayotgani, ayniqsa, bu ish yosh bolalar tomonidan ko‘proq qilinayotganini ko‘rdik. O‘choq atrofida chiqindilarni tashqariga tashlamaslik haqida ogohlantirish borligiga qaramay, uning atrofi chiqindilar bilan to‘lib ketgan.
Bu borada mahalla fuqarolar yig‘ini raisi aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yishi lozim edi. Bundan tashqari, qars ikki qo‘ldan chiqadi degan iboraga asosan, qoidabuzarlar rasman ma'muriy bayonnoma orqali jarimaga tortilishi shart. Chiqindini o‘choqdan tashqariga tashlanishi muammosining boshqacha yechimini ko‘rmayapmiz.
Ikkinchidan, Xiva shahrida 21ta mahalla va 12ta o‘choqni chiqindidan tozalash uchun 9ta maxsus mashina yetarli bo‘larmikan? Bunga gumon bor. Maxsus mashinalar sonining optimal variantini qayta hisoblab ko‘rish kerak. Chiqindilar o‘choqdan har kuni olib ketilishini ta'minlash zarur.
Uchinchidan, o‘choqlarni zamonaviy chiqindi konteynerlari bilan ta'minlash kerak. Aholi zich istiqomat qiladigan joylarda chiqindilarning ochiq osmon ostida yotishiga barham berish zarur.
Xiva shahri nafaqat O‘zbekistonning, balki dunyoning tarixiy durdonasidir. Biz bu shaharni ozoda saqlashimiz va obod qilishimiz shart.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
14:38 / 30.10.2024
Italiyada farrosh ayol 50 ming yevrolik pul va taqinchoqlar solingan eski to‘shakni chiqindiga tashlab yubordi
11:46 / 30.10.2024
1 noyabrdan boshlab chiqindidan qarzi borlarga elektr uchun to‘lov qilish cheklab qo‘yiladimi?
12:10 / 29.10.2024
Toshkent viloyatida fuqaro o‘zi tashlagan chiqindini o‘zi tozaladi
14:50 / 25.10.2024