Jamiyat | 12:40 / 22.09.2018
3746
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda jismoniy imkoniyati cheklangan oilalarga uy-joy topshirildi

Kuni kecha Qashqadaryo viloyat uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga, ehtiyojmand oilalarga uy joyga egalik qilish huquqini beruvchi sertifikat hamda Prezident sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev va viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ishtirok etdi. Bu haqda KUN.UZ’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tantanali tadbirda 30 nafar nogironligi bor shaxsga maxsus aravacha berildi, 72 oilaga esa yangi xonadonlarning kalitlari va maxsus sertifikatlar, sovg‘a-salomlar topshirildi.

- Aholi xonadonlariga borib o‘tkazilgan o‘rganishlar, ulardan kelib tushgan murojaatlar asosida maxsus jihozlarga, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Maqsuda Mustafoyeva. – Ayni paytda ishsiz qolgan, mehnatga layoqatli ayollar zamonaviy tikuv mashinalari bilan ta'minlandi. Mazkur ko‘p qavatli uy yonida turgan eski binodan ham keyinchalik samarali foydalanish maqsad qilingan. Uning negizida tikuvchilik sexi tashkil etiladi. Ushbu sexda esa yangi uyda yashovchi xotin-qizlar mehnat faoliyati bilan band bo‘ladi. Shuningdek, shu atrofdan yer ajratib, mo‘'jaz issiqxona barpo etish ko‘zda tutilgan. Uning ishchilari ham yangi xonadonlar vakillari bo‘ladi.

– Bu xushxabarni eshitib, xursandchiligimni ifodalashga so‘z topolmay qoldim, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi, – deydi shunday xonadonlardan birining sohibi, 1-guruh nogironi O‘tkir Botirov. Ilgari sog‘lom edim, ish joyim bor edi, quruvchi bo‘lib mehnat qilardim. 7 yil muqaddam bir falokat yuz berdiyu, oyoqlarim butkul harakatdan qoldi. Ro‘zg‘orning tutumi ham izdan chiqdi. Uning ustiga tashlandiq bir joyda, shahar chetidagi barakda oila bilan kun kechirishga mahkum edik. Og‘ir sharoitlarda yashadik. Bundan 3-4 yil oldin birov uy beradi, desa ishonmasdik. Bugun bu haqiqatga aylandi. O‘zim-ku hayotning ozmi-ko‘pmi yaxshi-yomon kunlarini ko‘rdim, lekin bolalarimga sharoit yaratib bera olarmikanman, degan o‘y menga sira tinchlik bermasdi. Shukr, shunday kunlarga yetdim. Farzandlarim emin-erkin, baxtiyor hayot kechirishi uchun shunday sharoit yaratib berayotgan prezidentimdan juda minnatdorman. O‘g‘il-qizimni shu yerda voyaga ketkazib, to‘ylar qilmoqchiman.

Tadbir davomida yig‘ilganlarga dasturxon yozildi, tadbir bahonasida konsert dasturi ham namoyish etildi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid