Jahon | 00:12 / 25.09.2018
22859
3 daqiqa o‘qiladi

Il-20 samolyotining halokati bo‘yicha yangi ma'lumotlar taqdim qilindi

Rossiya mudofaa vazirligi 17 sentabrda Il-20 samolyotining Suriyadagi Hmaymim aviabazasiga qaytishi vaqtida urib tushirilgani bo‘yicha yangi ma'lumotlar taqdim qildi. 

Yangi ma'lumotlarda Isroil samolyotlari va S-200 majmuasi raketalarining soniyalar bo‘yicha holati aks etgan. Bu haqda mudofaa vazirligining rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma'lum qildi.  

Ma'lumotlar Hmaymim aviabazasidagi S-400 tizimi jangovar boshqaruv punkti indikatorlaridan olingan.

Konashenkov maxsus ekranda Suriya qo‘shinlari tomonidan otilgan S-200 raketasini ko‘rsatgan. Ekranda raketa Isroil samolyoti tomon yo‘nalganini ko‘rish mumkin bo‘lgan. Shuningdek, Il-20 va Isroilning F-16 samolyoti qanday joylashgani ko‘rsatilgan. Ta'kidlanishicha, F-16 samolyoti Il-20 bilan bir azimutda 9 kmdan 10 kmgacha balandlikda bo‘lgan.   

Raketa parvozi balandligi ikkala samolyotnikidan ham baland bo‘lgan. So‘ngra raketaning o‘zi nishonga oluvchi kallagi katta akslantiruvi sirt va kichik tezlikka ega samolyot, ya'ni Il-20’ni mo‘ljalga olgan.  

“Ko‘rib turganingizdek, raketa Isroil samolyotiga yaqinlasha turib, yo‘nalishini o‘zgartirib, Il-20 tomon yo‘nalgan”, deb aytgan Konashenkov.

Uning ta'kidlashicha, jangovar boshqaruv punkti raketaning Il-20’ga tekkani holatini qayd qila olgan.

“Isroil samolyoti raketadan Il-20 ortiga yashirinib, Suriya sohillaridan g‘arbroqdagi patrullash hududida qolgan. Isroilning qolgan uchta samolyoti ham Lataqiyadan g‘arbroqdagi navbatchilik hududini egallashni davom ettirgan”, deb qo‘shimcha qilgan Rossiya vakili.  

Vaholanki, Isroilda Il-20 urib tushirilganda Isroilning barcha samolyotlari o‘z davlati havo hududida bo‘lgani aytilgan. Bundan tashqari, Isroil ushbu fojiaga aloqasi borligini rad etgan va bunda Suriyani ayblagan.

Konashenkovning aytishicha, Rossiya samolyoti qulagandan keyin Isroil samolyotlari halokat hududida, ulardan biri esa bevosita raketa tekkan joy yaqinida qolgan. U halokatdan keyin parvoz yo‘nalishi va balandligini keskin o‘zgartirgan.  

Konashenkov yangi ma'lumotlar Il-20’ning halokati uchun javobgarlik to‘liqligicha aynan Isroil harbiy-havo kuchlari zimmasida ekanini isbotlashini ta'kidlab o‘tgan. Rossiya vakili Isroil mudofaa vazirligining Il-20 fojiasiga aloqasi yo‘qligi haqidagi barcha ta'kidlari yolg‘on ekanligini aytgan.

Mavzuga oid