O‘zbekiston | 18:46 / 26.09.2018
3331
3 daqiqa o‘qiladi

TOP RESA-2018: O‘zbekiston Parijdagi xalqaro turistik ko‘rgazmada ishtirok etmoqda

Parijda Yevropadagi eng nufuzli va eng ko‘p mehmon tashrif buyuruvchi turistik ko‘rgazmalardan biri TOP RESA-2018 faoliyatiga start berildi. Dunyoning eng yirik turistik ko‘rgazmalaridan biri hisoblangan TOP RESA-2018 turizmning barcha yo‘nalishlari, biznes-safarlar va event-sanoatlarini o‘z ichiga qamrab olgan. Ko‘rgazma yangiliklardan xabardor bo‘lish va fikr almashishni istovchi turistik byurolar, tashuvchilar, mehmonxona biznesi vakillari, turistik agentliklar va turoperatorlarni bir joyga to‘pladi. 

Fransiya poytaxtida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi (MAK) tomonidan tashkil qilingan yagona milliy stend ostida namoyish etildi. Ekspozitsiyada Qo‘mita va MAK vakillaridan tashqari, shuningdek "O‘zbekiston temir yo‘llari" hamda mamlakatimizning turistik kompaniyalari vakillari ham qatnashishmoqda. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillarining KUN.UZ'ga xabar berishicha, Parij o‘zbekistonliklarni juda iliq qarshi olgan. Ko‘rgazmaning ochilish marosimi katta tantana bilan boshlangan. O‘zbekiston ushbu tadbirda 2012 yildan beri ishtirok etib keladi. Ko‘plab ko‘rgazma mehmonlari O‘zbekistonga kelish istagini bildirib, bu yerga sayohat qilish uchun elektron vizani qanday olish mumkinligiga qiziqishgan. 

Milliy stendda Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termizning diqqatga sazovor maskanlari va O‘zbekistonning boshqa turistik yo‘nalishlariga oid qo‘llanmalar, videomateriallar, risolalar, xalq-amaliy san'ati namunalari, yo‘lko‘rsatuvchilar va axborot materiallari taqdim etilgan. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

O‘zbekistonning turli mintaqalari turkompaniyalarining bir ko‘rgazma maydonida joylashishi xorijiy turoperatorlarga O‘zbekistonning turistik bozori, mamlakatdagi mehmonxona va transport infratuzilmalari  haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi. 

Tadbir davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillarining Fransiya tomon bilan biznes-uchrashuvlari rejalashtirilgan, uchrashuv jarayonida ikki tomonlama hamkorlikka doir yangi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid