O‘zbekiston | 08:29 / 27.09.2018
6335
7 daqiqa o‘qiladi

Arzon narsaning qadri yo‘q yoxud O‘zbekiston iqtisodiyotida bozor munosabatlari qachon shakllanadi?

O‘zbekistonda yangi davr – xalq roziligini o‘ylab, amalga oshirilayotgan islohotlar davri boshlagani ko‘pchilikni xursand qilmoqda. Barcha soha, xususan OAVda oshkoralik, davlat boshqaruvida shaffoflikni ta'minlash, shu vaqtgacha bo‘rttirilgan yoxud aholidan yashirib kelingan statistik ma'lumotlar, muammolar boricha, haqqoniy ravishda jamoatchilik  e'tiboriga havola etilmoqda. Kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish borasida jiddiy ishlar qilinmoqda.

Shu bilan birga, ayrim sohalar hamon davlat dotatsiyasidan voz kecha olmayotgani, ularda sog‘lom raqobat shakllanmagani, buning ortidan o‘sha sohalarda bozor munosabatlarini shakllantirish imkoni bo‘lmayotganini qanday izohlash mumkin? Hatto, xorijiy investorlar oqimi garovi sifatida ko‘rilgan ilk qadamlardan biri – valyuta liberalizatsiyasi ham unchalik “effekt” bermayapti. O‘zbekistonni sarmoyadorlar “bosib” ketmadi. Ular hamon kutmoqda.

Foto: Depositphotos

Nazdimda, buning sabablaridan biri, iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida bozor tamoyillari to‘la-to‘kis joriy etilmaganida. Vaholanki, O‘zbekiston tez orada nufuzli Jahon Savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishni ixtiyor qilgan ekan, mamlakat nafaqat moliya-iqtisod tizimida, balki iqtisodiyotning barcha jabhasi, jumladan iste'mol bozorida ham bozor munosabatlari tezroq shakllanishini ta'minlashi zarur. Bu narsani bozor iqtisodiyotiga o‘tishga qaror qilgan barcha mamlakatlar ertami-kechmi amalga oshirgan. Ya'ni narx-navoni hukumat tomonidan davlat byudjyeti (axir davlat byudjyeti siz-u bizning, o‘zimizdagi korxonalar to‘lagan soliq evaziga shakllanadigan jamg‘arma) dotatsiyasi evaziga nazorat qilish orqali behuda sovurish ham maqsadga muvofiq emas. Buni qator yirik moliya institutlari ma'qullashmaydi.

Albatta, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini butunlay yoddan chiqarish kerak, degan fikrdan mutlaq yiroqman. Aksincha, aholi o‘rtasida ijtimoiy adolatni ta'minlashning yo‘llaridan biri sifatida iste'mol bozorida “ijtimoiy me'yor”ni joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Xususan, bizda tan olish kerak, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanishda aholining barcha qatlami, boyu-kambag‘al birdek davlat dotatsiyasidan foydalanadi. Misol uchun, bitta “Matiz”i bor va 3 yo 4 farzandi bo‘lgan oddiy o‘qituvchi bir kunda o‘rtacha 3 litr benzin sarflasa, davlat byudjyetidan benzinni arzon qilish uchun sarflayotgan dotatsiyasidan shu miqdorda foydalanadi. Buni uyidagi elektrenergiyasi, gaz va ichimlik suvi misolida ham aytish mumkin.

Endi 2 yo 3 qavatli dang‘illama uchastkasi, buromadi daromadiga yarasha, avtomobilida bir kunda 40 litr benzin yoqadigan kishining ham davlat byudjyeti dotatsiyasidan oyiga 1-1,5 mln oylik oladigan o‘qituvchi bilan bir xil foydalanishini “ijtimoiy adolat” deyish mumkinmi?

Yuqoridagi o‘qituvchi bir oyda uyidagi texnikasi bilan 100-150 kVt*soat elektr energiyasi sarflasa, arzon bo‘lgani sababli, badavlat inson o‘ylanmasdan oyiga bu miqdordan bir necha barobar ko‘p elektrenergiyasini sarflaydi. Chunki, uning uyida bir nechta konditsioner, bir nechta muzlatgich, televizorlar va boshqa xo‘jalik texnikalari bor. Ayni shu jihatdan, badavlat shaxs ham topish-tutishi o‘rtacha va undan kamroq fuqaro singari davlat dotatsiyasidan birdek foydalanishi noto‘g‘ri, menimcha.

Fikrimni statistika ma'lumotlari ham tasdiqlaydi. Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston aholisining 85 foizi jami iste'mol qilinayotgan elektr energiyasining 44 foizini, qolgan 12 foiz aholi 55 foiz elektr energiyasini iste'mol qiladi. Bu degani 12 foiz aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam uchun byudjyetdan ajratilayotgan dotatsiya evaziga arzonligi ushlab turilgan elektr energiyasidan birdek foydalanmoqda.

Foto: 123RF

Shu o‘rinda, ular ham o‘zimizning fuqarolar, ularning birdek haq-huquqlari bor, degan mulohaza paydo bo‘lishi mumkin. Bu gapda ham jon bor. Boy-badavlat bo‘lgan bo‘lsa, o‘zlarining tadbirkorliklari evaziga bo‘lishgan, haloli bo‘lsin. Ammo, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham ijtimoiy adolatni ta'minlash uchun yillik daromadi ma'lum bir miqdordan oshganlarga alohida soliq solinadi. Ularga biror qoidabuzarlik uchun solinadigan jarimalar miqdori ham oddiy aholinikidan farqlanishi ko‘zga tashlanadi.  

Qolaversa, tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvidan istalgancha foydalanishlari mumkin, biroq bunday holatda oddiy aholi uchun belgilangan narxdan biroz ko‘proq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Qator mamlakatlarda yillar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan bu narsani, yuqoridagi 44ga 55 foizlik ko‘rsatkichga tayangan holda O‘zbekistonda ham joriy etish vaqti yetdi, deb bemalol ayta olaman. Chunki, MIB ma'lumotlariga ko‘ra, iste'molchilar orasida to‘lov intizomiga amal qilmayotganlarning aksariyati o‘ziga to‘q oilalardir. Bundan kelib chiqadiki, ular ham davlat dotatsiyasidan ko‘p foydalanishadi, ham o‘z vaqtida ko‘rsatilgan xizmatga to‘lovni amalga oshirmaydi.

Bundan tashqari, ijtimoiy adolat mezonini nafaqat aholi orasida, balki tadbirkorlik sub'yektlari orasida ham joriy qilish lozim. Xususan, turlicha aylanma mablag‘ga ega korxonalarning elektr energiyasi, suv va tabiiy gazdan foydalanishi uchun bir xil narx belgilash ham ular uchun bir xil sharoit taqdim etilganini bildirmaydi. Ayniqsa, kichik korxonalar va yirik sanoat majmualari to‘laydigan to‘lovlarda ham kichik korxonalar foydasiga farq bo‘lishi kerak. Axir, ular ham tejamkorliklarining samarasini to‘layotgan pullari miqdorida ko‘rishga haqlidirlar.

To‘g‘ri, o‘quvchilar orasida yuqoridagi fikrlarga qo‘shiladigan va qo‘shilmaydiganlar ham topiladi. Ammo, shu narsa aniqki, O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha jabhalarida bozor munosabatlari qanchalik tez shakllansa, barchamizga shuncha yaxshi!

Albatta, bu borada iqtisodchi va moliyachi olimlar, mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirishsa, yaxshi bo‘lar edi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid