O‘zbekiston | 12:21 / 27.09.2018
7016
2 daqiqa o‘qiladi

Inspektsiya​ Adliya vazirligi fikriga munosabat bildirdi: «Hech qanday e'tirozlar keltirilmagan​di»​​

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (TSNQDI) va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan imzolangan qo‘shma qaror Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi sababli, uni ijrodan qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Adliya vazirligining ta'kidlashicha, davlat organlari tomonidan oliy o‘quv yurtlarining rasmiy reytingini belgilash bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy bazaning yo‘qligi bu boradagi jiddiy nuqsonlardan biridir. Ammo, inspeksiya tarqatgan ma'lumotda Adliya vazirligining ularga yo‘llagan rasmiy xatida, reyting metodikasi, ko‘rsatkichlariga nisbatan hech qanday e'tirozlar keltirilmagani bayon etilgan. Shuningdek, inspeksiya Adliya vazirligining fikri bilan kelishmaydi, zero Vazirlar Mahkamasining 29 dekabr 2012 yildagi 371-sonli qarori bilan OTMlarning reytingini hisoblash mezonlari tasdiqlangan.

«Davlat inspeksiyasi tomonidan hisoblangan reytingning aksariyat indikatorlari aynan shu qarorda mavjud. Ushbu qarorda oliy o‘quv yurtlari faoliyatini baholash mezonlari oliy ta'limni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilangan», deyiladi inspeksiya munosabatida.

Shunday qilib, inspeksiya reyting natijalari bekor qilinishi bo‘yicha berilgan xabarlarni ham rasman inkor etdi.

Ma'lum qilinishicha, reyting natijalari e'lon qilinishidan 3 hafta avval, inspeksiya tomonidan rasmiy xat bilan har bir OTMga, ularga tegishli dastlabki xulosalar bilan tanishish uchun rasman taqdimnoma kiritilgan. OTMlarga e'tirozlari mavjud bo‘lgan taqdirda asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha imkoniyat berilgan.

Joriy yilda e'lon qilingan natijalar o‘z kuchida qoladi va tajriba-sinov asosidagi o‘rganish hamda natijalar asosida Vazirlar Mahkamasining 29 dekabr 2012 yildagi 371-sonli qarorini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid