Jamiyat | 21:14 / 27.09.2018
89102
3 daqiqa o‘qiladi

«Macheteli bezori» qo‘lga olindi. U karavot ostida yashirinib yotgan joyida topildi

Bugun, 27 sentabr kuni, soat 15:30 atrofida Toshkent shahrining Olmazor tumanida bir yarim oy avval yuz bergan voqea bo‘yicha gumonlanuvchi hisoblangan Shohrux Jo‘rayev Qobil o‘g‘li qo‘lga olingan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, gumonlanuvchi qarindoshlaridan birining uyidan topilgan. U qo‘lga olingan vaqtida karavot ostida yashirinib yotgan edi.

«Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ko‘rsatilgan qarshilikka qaramay, Jo‘rayev Shohrux Qobil o‘g‘li qo‘lga olindi», — deyilgan xabarda.

Endilikda voqeaning yana bir ishtirokchisi qidiruvda qolmoqda.

«Jinoiy guruhning yana bir a'zosi Bahodir Baxtiyorovich Yuldashev qidiruvda qolmoqda», - deyiladi xabarda.

Foto: IIBB

Toshkentliklar va poytaxt mehmonlaridan gumonlanuvchining turar joyi ma'lum bo‘lsa, ushbu raqamlar orqali xabar berishi so‘raldi: 102, 272-98-39, 231-95-13, (98) 362-51-14.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgustida internetda «Spark» va «Jiguli» avtomobillaridagi bir guruh shaxslar o‘rtasida sodir bo‘lgan hodisa tasvirlangan video tarqaldi. Unda bir guruh bezorilar bir yigitni ko‘chada to‘xtatib, mashinasining oynalarini sindirishgan va o‘zini esa do‘pposlashgani tasvirlangandi. Ulardan birida machete quroli bor edi.

Ko‘p o‘tmasdan poytaxt IIBB axborot xizmati hodisa tafsilotlarini ma'lum qildi. 

Unga ko‘ra, jabrlanuvchi – 23 yoshli A.Botirjon tanishi Shoxruhdan pul qarz olib, oxirgi 500 ming so‘mni qaytarolmagan. Jo‘rayev Shoxruh o‘z sheriklari Bekzod Nuriddinov, G.Ziyovuddin, M.Muzaffar va I.Abdug‘ani bilan «Vatan» kinoteatri yonida A.Botirjon va M.Jasur bo‘lgan «Spark» mashinasini to‘xtatishgandi.

Keyinroq Shoxruh Jo‘rayev va Bekzod Nuriddinov qidiruvga berilgandi. Tez orada 31 yoshli Bekzod Nuritdinov qo‘lga olindi, Shoxruh Jo‘rayev esa shu kungacha qidiruvda edi.

Mavzuga oid