Iqtisodiyot | 21:05 / 27.09.2018
19383
25 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov islohotlar va davr chaqiriqlari haqida

Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov UzAnalytics onlayn nashriga intervyu berdi. E'tiboringizga ushbu intervyuni havola qilamiz.

Nimalar qilindi?

Hokimiyat tepasiga yangi prezident kelishi bilan ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Eng avvalo, jamiyatda ochiqlik kuchaydi. Hukumat jamiyat bilan muloqot qilishni, uni tinglashni o‘rgandi. Avvallari bunday emas edi. Hukumat o‘z bilganicha yashar, jamiyatda yuz berayotgan voqealar haqida umuman bilmas, jamiyat ham hukumatga hech qanday ta'sir o‘tkaza olmas edi.

Hozir ahvol butunlay o‘zgardi. Bu hali jamiyat va hokimiyat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning barcha mexanizmlari to‘liq yo‘lga qo‘yilgan demokratik davlat degani emas, albatta. Bunga erishish uchun hali uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Lekin jamiyat endi o‘z fikri, nuqtai nazarini bayon qilish imkoniga ega bo‘ldi, hukumat esa ijtimoiy fikrga quloq tuta boshladi.

Bu – dastlabki katta o‘zgarish. Ikkinchi muhim o‘zgarish – tashqi dunyoga, ayniqsa, qo‘shni davlatlarga nisbatan ochiqlikning paydo bo‘lgani. Chunki avval ular bilan munosabatimiz u qadar yaxshi emas edi. Bu hatto chegara hududlarini minalashtirish, yopish, viza rejimini joriy etish kabi jarayonlarda namoyon bo‘ldi. Hozir viza rejimi to‘liq bartaraf etilmagan bo‘lsa-da, o‘ta soddalashtirildi.

Bugun prezident hukumati qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish uchun maksimal darajada ochiq. Ayniqsa, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaralarning ochilishi quvonarli hol bo‘ldi. Zero, mazkur aholi punktlari va chegara oldi tumanlarda istiqomat qiladigan aholi o‘rtasida hamisha yaqin madaniy-iqtisodiy aloqalar bo‘lgan.

Mamlakat iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar eng katta yangiliklardan biri bo‘ldi. Eng muhimi, valuta bozori liberallashdi. Chunki uzoq vaqtdan beri valutaning erkin konvertatsiyasi bo‘lmagandi. Hozir korxonalar import operatsiyalarini amalga oshirish uchun bemalol valuta xarid qilish imkoniga egadirlar. Buni muhim deyishimning sababi shuki, iqtisodiyotning eski modeli butunlay konvertatsiyaning yo‘qligiga bog‘langan edi. Bu eski modelning o‘zagi edi. Mana shu asos olib tashlangach, eski andaza o‘z-o‘zidan qulay boshladi, yangi islohotlarga yo‘l ochildi.

Iqtisodiyot sohasidagi birinchi o‘zgarish valutaning liberallashuvi bo‘lsa, ikkinchi eng muhim yangilik pul muomalasidagi islohotlardir. Bu muammo ma'lum darajada konvertatsiyaning yo‘qligiga bog‘liq edi. Masalan, bir yil oldin mamlakatda bir necha milliy valuta turlari mavjud edi.

Agar do‘kondan ma'lum bir mahsulot, masalan, kompyuter xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, sizga bir vaqtning o‘zida uning dollardagi, naqd puldagi, plastik kartochkadagi, pul o‘tkazish usulidagi bir nechta narxini aytishardi. Ya'ni, bitta mahsulotning turli qiymatlari bo‘lgan. Va bu narxlar o‘rtasidagi farq ham juda katta edi, ya'ni bir nechta milliy valuta turlari mavjud edi.

Zamonaviy iqtisodiyot nuqtai nazaridan qaraganda, bu bema'nilikdan o‘zga narsa emas. Hozir narx-navoning naqd pul va naqd pulsiz shaklidagi farqi imkon qadar qisqartirilgan. Buning ustida hali ishlash kerak, lekin ushbu masala ham konvertatsiya muammosi singari sezilarli darajada hal etildi. Konvertatsiya muammosi esa 99 foizga hal etildi, deb aytish mumkin.

Iqtisodiyotdagi navbatdagi o‘zgarish bank islohotlaridir. Avvallari tijorat banklarimiz o‘z faoliyatida Markaziy bankning faqat ma'muriy ishi bilan cheklanib qolgan edi. Bunday boshqaruv uslubining bozor iqtisodiyoti asosidagi mamlakatlarning markaziy banklari faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘q. Ular ham tijorat banklarini nazorat qiladi, biroq bu nazorat butunlay boshqacha tarzda amalga oshiriladi. Bu yerda Markaziy bank protsent stavkalari, hatto bank xodimlari maoshini ham boshqarardi. Tijorat banklari faqat shunday nomlanar, aslida esa ular tijoriy emasdi.

Hozir Markaziy bank tizimdagi millionlab yo‘riqnomalarni qayta ko‘rib chiqib, asta-sekin bank tizimini tijoratlashtiryapti, tijorat banklariga ko‘proq erkinlik beryapti. Bu sohada ham hali bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p, lekin shunday bo‘lsa-da, tijorat banklari o‘z faoliyatini mijozlarga qarata boshladi va aytish mumkinki, bu ishda ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.

Shuningdek, mijozlar ilgari tijorat banklari soliqlaridan ham ko‘p aziyat chekardi. Biroq bu boshqacha aytiladi, aslida soliqlar amalga oshiriladigan har qanday harakat uchun to‘lanadigan to‘lovdir. Masalan, siz bankdan shaxsiy pulingiz, dividendlaringizni naqd pul ko‘rinishida olmoqchi bo‘lsangiz, bankka rasmiy soliq to‘lashingiz kerak bo‘lardi. Men hali norasmiy to‘lov haqida gapirganim yo‘q. Oldin bankka bu dividendlardan ham ko‘proq soliq to‘lanardi. Hozir esa bularning bari ortda qoldi.

Keyingi o‘zgarish – tashqi iqtisodiy faoliyatning liberallashuvi bo‘ldi. Eksport va import oldidagi turli ma'muriy to‘siqlar bartaraf etilmoqda. 2019 yil 1 yanvardan boshlab deyarli barcha mahsulotlarga qo‘yiladigan bojxona to‘lovlarini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bunday katta qisqartirish natijasida milliy iqtisodiyotimiz erkin savdo uchun yanada ochiq bo‘ladi.

Iqtisodiyotdagi to‘rtinchi o‘zgarish soliq islohotlariga tegishli. Menimcha, soliq islohotlari dolzarbligi nuqtai nazaridan valuta bozori liberallashuvidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Chunki bizning soliq tizimimiz samarasiz bo‘lib, u iqtisodiyotning rivojlanishiga imkon bermaydi.

Joriy yilning iyun oyida soliq islohoti konsepsiyasi qabul qilindi, 1 yanvardan boshlab esa bu borada sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda: iqtisodiyotda umumiy soliq yuki qisqartirilmoqda, soliq tizimidagi ko‘plab to‘siqlar bartaraf etilib, soliq ma'murchiligi soddalashtirilyapti. Soliq imtiyozlarini bartaraf etish va tugatish komissiyasi ish olib borayotgani sababli ham barcha yangiliklar hali to‘liq ma'lum emas.

Soliq imtiyozlarining asosiy qismi o‘tmishda qoladi va dekabr oyiga qadar yangi tahrirdagi soliq kodeksi yaratiladi. Agarda biz undagi soliq islohotining yangi tamoyillarini amalga tatbiq etadigan bo‘lsak, bu O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘zgartirishda muhim qadamlardan bo‘lishi shubhasiz.

Ma'muriy islohotlar amalga oshirilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu ham muhim islohotlardan biridir. Chunki davlatimizni, ijro hokimiyati va uning ish uslublari, vazifalarini o‘zgartirmasdan, samarali natijaga erisholmaymiz. Menimcha, o‘tgan yili qabul qilingan ma'muriy islohotlar konsepsiyasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, unda hamma narsa to‘g‘ri yozilgan, maqsadlar aniq.

Ayni paytda, unda islohotlarni amalga oshirish mexanizmi ko‘rsatilmagan. Maqsad bor, lekin uni ro‘yobga chiqarish uslubi bayon etilmagan. Hali bularni aniqlash va ma'muriy islohotlar bilan shug‘ullanish lozim. O‘ylashimcha, bu 2018-2019 yillardagi ustuvor vazifalardan biridir.

Yana bir muhim soha – agrar sohadagi islohotlarning amalga oshirilishini juda istardim.

Bu borada hali islohotlarni aniq belgilash va ularni amalga oshirishni boshlash kerak bo‘ladi.

Agar yana nimalar qilish kerak, degan savol tug‘ilsa, hali budjet islohotlari, davlat mulki va davlat korxonalarini boshqarish islohotlari, ijtimoiy sohalar (ta'lim, sog‘liqni saqlash), pensiya, tabiiy monopoliyalar islohotlari va boshqa islohotlarni amalga oshirish kerak. Biz iqtisodiyotning bir modelidan tamoman boshqa modeliga o‘tayapmiz, ular bir-biridan farq qiladi. Bu islohotlarni amalga oshirishni boshlaganimizga ham ikki yil vaqt o‘tdi, hali oldinda bizni katta o‘zgarishlar kutmoqda.

Mintaqaviy savdo haqida

Mintaqa doirasida o‘ziga xos kooperatsiya aloqalarini yaratish mumkin.

Hatto iqtisodiyotimiz yopiq yillarda ham Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy savdo rivojlangan edi. Chunki bu obektiv jarayondir. Bizning geografik joylashuvimiz qulay, transport xarajatlarimiz kam, bizda mehnat taqsimoti, ixtisoslashuvi va kooperatsiya asosida hamkorlik qilish, butun mintaqaga xizmat ko‘rsatadigan yirik korxonalar ochish imkoniyatlari ko‘p.

Bu katta miqyosdagi iqtisodiyot deganidir. Ya'ni beshta mamlakatda kichik miqyosga va kichik bozorga ega beshta korxonaning bo‘lishi bir gap, butun mintaqada bir yoki ikki korxonaning ishlashi boshqa gap. U miqyosi jihatdan ham mintaqani ta'minlay oladi, sarf-xarajatlar ham kamayadi, bu esa arzon narxlar va yuqori sifat deganidir.

Biz mintaqa ichida mehnat taqsimotiga sharoit yaratishda qatnashish orqali samaradorlikka erishishimiz mumkin. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, kooperatsiya imkoniyatlarining mavjudligi. Mintaqa doirasida o‘ziga xos kooperatsiya aloqalarini yaratish mumkin. Masalan, bir-ikki korxona atrofida ko‘plab kichik korxonalar birlashib, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot yaratiladigan klaster kooperatsiyasi. Aslida, zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarning aksariyati klasterlardir.

Bitta korxona xomashyodan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonni qamrab ololmaydi. Hatto u yirik korxona bo‘lsa-da, boshqa operatsiyalarning ma'lum bir qismini bajarishni o‘z zimmasiga oladi. U mayda korxonalar bilan ishlash uchun buyurtma beradi, ya'ni yirik va kichik biznes o‘rtasida kooperatsiya aloqasi vujudga keladi. Ana shunda, bir-birimizga yaqinligimiz tufayli, chegaralar ochiq hamda mahsulotlar, kapital va insonlarning erkin harakatlanishida hech qanday to‘siqlar bo‘lmasa, bu kabi birlashuvlar katta samara beradi.

Shuningdek, franchayzing singari boshqa bir kooperatsiya shakli ham bor. Bunda hali yosh va tajribasiz tadbirkor biznesning tayyor andazasidan foydalanadi. Bugungi kunda franchayzing bo‘yicha juda ko‘plab savdo tarmoqlari, ommaviy ovqatlanish korxonalari ish yuritmoqda. Franchayzingning eng mashhur ko‘rinishi “Makdonalds” bo‘lib, bunda siz litsenziya olib, “Makdonalds” tamaddixonasini ochasiz va o‘z navbatida, “Makdonalds” sizga nima qilish, qanday sotish, bozorda o‘zingizni qanday tutishni o‘rgatadi.

Bundan tashqari, yana shuni e'tiborga olish kerakki, agar biz chegaralarimizni ochsak, xorijiy sarmoyadorlarga yanada jozibadorroq ko‘rinamiz. Xorijiy investorlar katta bozorlarga chiqishdan manfaatdor. Bir-biridan ajralgan beshta davlatning har biriga alohida kirish, korxona yoki kamida savdo agenti, vakolatxona ochish – bir masala. Buning yagona iqtisodiy makonda bo‘lishi esa – boshqa masala. Bunda, masalan, butun mintaqa uchun ishlaydigan yirik qo‘shma korxona tuzish mumkin. Agar chegaralarimiz ochiq bo‘lsa, bu jozibadorlik ham o‘z-o‘zidan ortadi.

Biz, shuningdek, tashqi bozorlarga chiqish uchun ham birlashishimiz mumkin. “Farg‘ona vodiysi meva-sabzavotlar” kabi biron bir brend yaratish bo‘yicha mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Hozircha bunday brend yaratilmagan bo‘lsa-da, quruq meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkorlar kooperatsiyasi mavjud.

Masalan, Tojikistondagi Isfara shahriga quruq meva ishlab chiqarish uchun xomashyo Farg‘ona vodiysi, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va tabiiyki, Tojikistondan keltiriladi. Bu o‘ziga xos tajriba amaliyotda kuzatiladi. Bu kooperatsiya aloqasidan barcha mamlakatlar foyda oladi.

JSTga a'zo bo‘lish xususida

Dunyo xaritasiga qaraydigan bo‘lsak, ba'zi ekzotik mamlakatlardan tashqari deyarli barcha davlatlarning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilgani ma'lum bo‘ladi. Nima uchun ular bu tashkilotga kirishadi? Chunki JST – mamlakatlarning bir-biri bilan savdo qilishi mumkin bo‘lgan tartib-qoidalar tizimidir. Agar siz tashkilot a'zosi bo‘lmasangiz, siz bilan savdo yuritish xavfli, chunki siz qoidalarga bo‘ysunmaysiz, bu holda, siz bilan qanday hamkorlik qilish mumkin? Bu, shuningdek, investitsiyalarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. JST mamlakatlar o‘rtasidagi savdo qoidalarini birxillashtirishga, yagona savdo makonini yaratishga, savdodagi ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etishga yo‘l ochadi.

JST murakkab masalalarni tartibga solish mexanizmini yaratishga imkon beradi, bu esa tashkilotning barcha a'zolari uchun foydalidir. Masalan, Tramp ma'lum bir mahsulotga nisbatan soliqlarni ko‘tardi, YeI bu borada tegishli instansiyalarga shikoyat qiladi. Agar haqiqatan ham Amerika qoidani buzgan bo‘lsa, u jazolanadi, ya'ni hech qaysi davlatning o‘zi imzolagan qoidani buzishiga haqqi yo‘q. Biz faqat xalqaro savdoning bir necha o‘n yillar oldin yaratilgan madaniy qoidalari tizimiga qo‘shilyapmiz, xolos. Tashkilotga a'zolikning afzalligi shundan iborat.

Davr chaqiriqlari haqida

Mana shu kadrlar yetishmovchiligi, yagona jamoaning mavjud emasligi sababli ham yaxlit islohotlar tizimi yo‘q.

Oqsoqliklar ko‘p. Chunki bizda islohotlar, ularni amalga oshirish tajribasi, qolaversa, ushbu islohotlarni amaliyotga tatbiq etadigan malakali kadrlar, yaxlit jamoa yo‘q. Masalan, kadrlar tanqisligini olaylik. Bu eng jiddiy muammolardan sanaladi. Ya'ni bir vaqtda ko‘plab sohalarda islohotlar olib borish mumkin, biroq kerakli kadrlar yo‘q.

Bir guruh odamlarni yig‘ish mumkin, lekin ular bir vaqtda o‘nta islohot o‘tkaza olmaydi. Bu guruh bitta tarmoqni tanlaydi, dastlab islohotlarni rejalashtiradi va uni amalga oshiradi, so‘ngra boshqa tarmoqqa o‘tadi. Biroq bizga 10-20 talab ana shunday jamoa kerak bo‘ladi, bizda esa bunday insonlarning o‘zi yo‘q. Chunki ko‘p yil davomida tashabbuskor insonlar davlat tuzilmasidan chiqib ketdi va bu yerda faqat itoatkor ijrochilargina qoldi.

Davlat xizmatida ishlash malakali kadrlar uchun nufuzli hisoblanmay qoldi. Axir kim yuksak siyosiy mavqega erishishni yoki pora olishni xohlardi? Bu yerdagi oylik maoshlar past, o‘z salohiyatini namoyish etish uchun ko‘p vaqt talab etilardi. Shu bois ham, ko‘pchilik istiqbolli yoshlar xorijga chiqib ketib, xususiy biznes bilan shug‘ullana boshladi. Xususiy biznes yomon emas, albatta. Yomoni – ularning mamlakatni tark etib, o‘z yo‘llarini topishgani, o‘z g‘oyalarini amalga oshirishganidir. Aytgancha, ularning ko‘pchiligi hozir qaytib kelmoqda.

Mana shu kadrlar yetishmovchiligi, yagona jamoaning mavjud emasligi sababli ham yaxlit islohotlar tizimi yo‘q. Islohotlarni amalga oshiradigan inson, yagona qarashning o‘zi yo‘q. Shu bois ham islohotlar ba'zan tizimsiz, ma'lum darajada tasodifiy xususiyatga ega. Aslida, bu yerda mantiq bor, chunki u xolisdir. Ya'ni biz valuta bozorini liberallashtirdik, chegaralarimizni ochayapmiz, biroq shu yerda mahalliy mahsulotlarimizning raqobatbardosh emasligi ma'lum bo‘ldi. Chegaralarda uzun navbatlar paydo bo‘lib, Qozog‘istondan mahsulot olib kelishmoqda. Hatto mahalliy mahsulotlarimiz ham o‘zimizdan ko‘ra Qozog‘istonda arzon sotilayapti. Odamlar yurtimizda bu mahsulotlarni qimmat narxda sotib olishdan qo‘rqib, uni Qozog‘istondan xarid qilib kelishmoqda. Bu bizning soliq tizimimiz, bojxona to‘lovlari tizimimizning yaroqsizligini, mahsulotlarimizni qimmatlashtirayotganini bildiradi.

Valuta bozorini liberallashtirib, davlat chegaralarini ochganimizdan so‘ng, o‘z-o‘zidan soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish ham muqarrar bo‘ladi, ya'ni hukumat xohlaydimi-yo‘qmi, baribir bu bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi. Avvalboshdan qanday islohotlar kerakligini bilib, birvarakayiga o‘nta jamoani o‘nta islohotga jalb qilish kerakligini bilib, bular bir zanjirga tizilganda, yaxshi bo‘lardi, albatta. Biroq shunday jamoaning o‘zi ham, zanjir tushunchasi ham yo‘q.

Masalan, Xitoyni oladigan bo‘lsak, 1979 yilda islohotlarni boshlagan Den Syaopin hech qanday iqtisodchi bo‘lmagan. U butun umrini partizanlik urushlarida o‘tkazgan kommunist edi. U shunchaki sog‘lom fikrdan kelib chiqib qaror qabul qilgan. U va uning jamoasi bozor iqtisodiyotini qurmoqchi bo‘lgan kapitalist emas edi. Ular oqilona qarorlar qabul qilishgan, xolos. Ular faqat sog‘lom aqlga asoslangan holda, bozor iqtisodiyotini barpo etishdi. Ya'ni shunday harakat qilsa ham bo‘ladi. Hammasini oldindan to‘g‘ri rejalashtirib, qurib, tez amalga oshirilsa, yaxshi bo‘lardi, albatta. Biroq amaliyotda hamisha ham bunday bo‘layvermaydi. Amaliyotda balki Den Syaopinning yo‘lidan borish kerak bo‘lar…

Soliq tizimi islohotlari haqida

Ya'ni kichik korxonalar mana shunday soliq tizimi tufayli samarali ishlab chiqarishlar tashkil qila olmaydi, yirik korxonaga aylana olmaydi

Menimcha, soliq islohotlari dolzarbligi bo‘yicha valuta bozorini liberallashtirishdan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Ular soliq siyosatidagi eng muhim mummolar bilan bog‘liqdir. Birinchi muammo, bizda asosan soliq solishning ikki turi mavjud: umum o‘rnatilgan va soddalashtirilgan. Soliq solishning birinchi turi umumiy deb atalsa-da, unda korxonalar sonining hammasi bo‘lib 3-4 foizi ishlaydi, qolganlari oddiy soliq solishga kiradi. Nima uchun? Chunki mana shu rejimlar o‘rtasida soliq yuki bo‘yicha katta uzilish bor. Ya'ni siz soddadan umumiy rejimga o‘tadigan bo‘lsangiz, siz yollashingiz mumkin bo‘lgan mezonga ko‘ra, 100 nafar ishchi bo‘lsa, ularning soni 101 nafarga yetishi bilan kichik korxonangiz yirik korxonaga aylanadi. Demak, bundan buyon siz umumiy o‘rnatilgan soliq to‘lashingiz lozim bo‘ladi. Faqat bitta qo‘shimcha ishchi yollashingiz bilan soliq yukingiz 3-5 baravar oshadi.

Bu hammaning mayda bo‘laklarga bo‘linishga, daromadni, daromadni bo‘lmasa, ishchilar sonini berkitgan holda, umumiy rejimdan qochishga majbur qiladi. Kichik korxonalar jismonan rivojlana olmaydi. 100-200 nafar kishini yashirish mumkin. Lekin sizdagi ishlab chiqarish 1000 kishining ishlashini talab etsa, siz buni berkitolmaysiz-ku, axir. Siz katta sex, zavodni yashirib, soliqchilarga “yo‘q, u kichkina” deya olmaysiz-ku. Ya'ni kichik korxonalar mana shunday soliq tizimi tufayli samarali ishlab chiqarishlar tashkil qila olmaydi, yirik korxonaga aylana olmaydi. Bu taraqqiyotimizni to‘xtatib turgan omillardan biridir.

Bu muammoni hal etish uchun nima qilmoq kerak? Bu borada chora-tadbirlar qabul qilindi va qabul qilinmoqda. Soliq konsepsiyasida yirik biznesda soliq yukini keskin qisqartirish ko‘zda tutilgan. Ya'ni 1 yanvardan boshlab yirik korxonalar kamroq soliq to‘laydi. Bunga qo‘shimcha ravishda, ularda soliq ma'murchiligi ham soddalashtiriladi. Shunga ko‘ra, kichik korxonalar ham umumiy soliq solish rejimiga o‘tishi mumkin. Shu tarzda biz birinchi muammoni hal etamiz.

Ikkinchi muammo shundan iboratki, bizda tushum solig‘i katta. Tushum solig‘i nima? Bu daromad solig‘i, foyda solig‘i, hatto qo‘shimcha qiymat solig‘i ham emas, bu butun pul aylanmasi solig‘idir. Sizning hisobingizga million kelib tushdi. Foyda ham, oylik maosh ham, elektr energiya narxi ham shunga kiradi – mana shuning hammasi million. Siz mana shu milliondan soliq to‘laysiz, bunda siz umumiy va oddiy rejimda soliq to‘laysiz. Ana shu pul aylanmasi solig‘i hisoblanadi.

Tushum solig‘idan siz qo‘shimcha qiymat yaratish zanjirini qurolmaysiz. Masalan, birinchi korxonaga 5 foiz bo‘lsa-da, million tushum solig‘i solindi. Ikkinchi korxona buni xomashyo sifatida xarid qildi va bu million ikkinchi korxona tomonidan tuzilgan ikki millionga kiradi. Mana shu ikki millionga yana soliq yuklanadi, ya'ni bir marta million soliqqa tortildi, ikkinchi va uchinchi marta.

Bitta narx soliqqa tortiladi, natijada zanjir qancha uzun bo‘lsa, soliq solish ham shuncha katta bo‘ladi. Zamonaviy, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun esa ko‘plab mana shunday zanjirlar kerak bo‘ladi. Bizda shunday zanjir yaratiladigan bo‘lsa, yakuniy mahsulot qiymati bo‘yicha oltinga teng bo‘ladi, chunki ikki, uch baravar soliq qo‘shib boriladi. Shu bois ham, butun dunyo tushum soliqlaridan deyarli voz kechdi, ular faqat katta istisnolar ko‘rinishidagina mavjud. Bizda esa butun iqtisodiyot ma'lum darajada tushum solig‘iga bog‘langan.

Soliq islohoti konsepsiyasida yirik korxonalar uchun mana shu tushum solig‘i umuman olib tashlanishi ko‘zda tutilgan.

Yagona soliq to‘lovi – tushum to‘lovi bo‘lib, kichik korxonalar uchun aylanma yiliga 1 milliard so‘m mezoni kiritilgani hisobga olinsa, bu taxminan yiliga 120 ming AQSh dollari bo‘ladi. Kimda bundan ko‘p bo‘lsa, u o‘tgan yil yakuniga ko‘ra umumiy rejimga o‘tishi lozim bo‘ladi. Bu taxminan 20 foiz kichik korxonalardir. Biroq mana shu 20 foiz korxonaga 80 foiz kichik korxonalar tushumi to‘g‘ri keladi. Ya'ni ular kichik korxona emas, umumiy rejimdan qochgan o‘rta va yirik korxonalardir. Ana o‘shanda bu kichik korxonalar umumiy rejimga o‘tadi va tushum solig‘ini to‘laydi, ya'ni iqtisodiyotning ma'lum qismi mazkur tushum solig‘i ta'siridan qutuladi.

Qarang, bizda ishlab chiqarish hozir qanday rivojlanyapti. Asosiy ishlab chiqarish sanoatining ikki toifasini nazarda tutyapman. Birinchisi – xomashyoni qayta ishlash (paxtadan ip tayyorlash), ikkinchisi – butlovchi qismlarni to‘plashdir.

Bizda yirik korxonalar ko‘p soliq to‘laydi, ya'ni har ikki tomondan ham soliq siyosati bizning raqobatbardoshligimizni o‘ldiryapti. Tushum solig‘ini qisman bekor qilishimiz, korxonani qisman oddiy rejimdan umumiy rejimga olib chiqishimiz tufayli ikkinchi muammoni ham ma'lum darajada hal qilgan bo‘lamiz.

Uchinchi muammo, mehnat uchun yuqori soliqlarning mavjudligi, ya'ni korxona o‘z ishchi xodimiga bir million so‘m to‘lash uchun (bu taxminan 120 AQSh dollari), yana 600 000 so‘m, ya'ni 60% balki bundan ham ko‘prog‘ini davlatga berishi lozim. Bu juda katta mehnat solig‘idir. Bunday soliqlar faqat Yevropada to‘lanadi. Biroq Yevropa aholisi boy va ular bunday soliqlarni to‘lash imkoniga egalar. Mana shu iqtisodiyotning ma'lum darajada qorong‘ulikda ekanini ko‘rsatadi.

Mehnat soliqlari kamaytirilmoqda, mehnat soliqlari umumiy rejimda o‘rtacha bir, ikki baravar, soddalashtirilgan rejimda bir yarim baravar kamaytirilmoqda, bu juda katta qisqarishdir.

Bunga qo‘shimcha ravishda, soliqlar soni ham qisqarmoqda, soliq solish qoidalari, ya'ni soliq ma'murchiligi soddalashtirilyapti. Shu bois soliq islohoti tufayli iqtisodiyotning ma'lum bir qismi xufyona faoliyatini to‘xtatadi, degan umiddaman. Shuningdek, bu rivojlanish uchun ham turtki bo‘ladi. Ilgari daromadning ko‘p qismini soliqqa to‘lash kerak bo‘lgani uchun biznes yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa, endi korxonalar ko‘plab soliqlardan ozod etiladi. Bu esa biznesga iqtisodiyotga yanada ko‘proq investitsiya kiritish uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga qo‘shimcha rag‘bat va imkon yaratadi.

Mavzuga oid