20:57 / 29.09.2018
11810

Haydovchining qo‘pol xatosi bir inson hayotiga zomin bo‘ldi 

Joriy yilning 24 sentabr kuni O‘rta Chirchiq Agrosanoat va transport kasb-hunar kollejida Xotamov X. raisligida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Sud majlisida Jinoyat Kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi (odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanayotgan U.A.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud aniqlashicha, ayblanuvchi 4-avgust kuni soat 21-00 larda Nurafshon-Toshkent yo‘nalishida avtoulov boshqarib borayotgan vaqtda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib 1990 yilda tug‘ilgan Sh.N. ni urib yuborgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilganligiga qaramay jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan. O‘tkazilgan ekspertiza va guvohlar ko‘rsatmalari tinglangandan so‘ng, aybdorga sud xukmi o‘qildi.

Sud ayblanuvchi U.A. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan ayblab, davlat hisobiga oylik maoshining 20 foiz miqdorida ushlab qolish sharti bilan 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari va 1 (bir) yil muddatga barcha turdagi avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinladi.

Taraflarga hukmdan norozi bo‘lgan taqdirda apellyatsiya va kassatsiya shikoyati qilish huquqi tushuntirildi.

Sud majlisidan so‘ng, ushbu kollej binosida jinoyatchilik va sud-huquq sohasida umumiy yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘rta Chirchiq tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi Xotamov X., Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo sudi raisi Musayeva N, Iqtisodiy ishlar bo‘yicha O‘rta Chirchiq tuman sudi raisi Annayeva T. va boshqa sud-huquq sohasi xodimlari, mahalla faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 13 iyul kungi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmoni mazmuni; bezorilik jinoyati va uning oldini olish; nomusga tegish jinoyati; 2017-2018 yil korrupsiyaga qarshi kurash Davlat dasturi va tadbirkorlik sub'yektlarining huquqiy asoslari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Majlis ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

Top