O‘zbekiston | 23:32 / 29.09.2018
5895
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat hokimligida yoshlarning tashabbusini qo‘llovchi «Innovatsion markaz» tashkil etiladi

Bugun Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy Istirohat bog‘ida an'anaviy «Hokim va yoshlar» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat hokimi v.b. Erkinjon Turdimov viloyatdagi yosh iste'dodli, intiluvchan, tadbirkor va tashabbuskor yoshlari bilan suhbatlashgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, viloyat rahbari uchrashuv doirasida tashkil etilgan yosh arxitektor, dizayner, hunarmand, fermerlar ishlab chiqargan mahsulotlar, ijodkor va sportchilar erishgan yutuqlari aks ettirilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.

Yosh tadbirkorlar bilan uchrashar ekan, E.Turdimov shunday dedi:

«Bunday tadbirlarni xo‘jako‘rsinga yo‘l qo‘yib yoki ko‘zbo‘yamachilik bilan o‘tkazib bo‘lmaydi. Ko‘rgazmalarda ham, suhbalashishlar jarayonida tanish chehralarga ko‘zim tushdi. Ko‘proq chekka tuman va qishloqlardagi iste'dodli yoshlarning muammolarini eshitish, hal qilish, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, amaliy faoliyatda ularning boshini biriktirishga e'tibor berish zarur».

Uchrashuvda viloyat hokimi yoshlarning tashabbusi va iltimoslarini ham eshitdi, hamda ularga javob berdi. Masalan, yosh hunardmandlardan biri o‘z ustaxonasi uchun yer ajratishni viloyat rahbaridan so‘radi.

E.Turdimov ushbu savolga javob bera turib, barcha uchun qiziqarli ma'lumotni e'lon qildi:

«Samarqand shahrida yer ajratish va noqonuniy qurilish ishlarini olib borish bilan bog‘liq mashmashalardan barchaning xabari bor. Ayni paytda Samarqand shahrining bosh rejasi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, Samarqandda hunarmandlar ko‘chasi tashkil qilish rejalashtirilgan. U yerlar elektron auksion orqali sotiladi. Shahar markazidagi yerlarning boshlang‘ich bahosi qimmatroq, chetga chiqqan sayin arzonroq bo‘ladi. Shahar yo viloyat hokimligi yer ajratish masalalari bilan ortiq shug‘ullanmaydi. Yashirin ishlash bo‘lmaydi, barchasi ochiq auksionga qo‘yiladi. To‘g‘ri, ayrimlarning qurbi yetmasligi mumkin. Bu holda ijarada ishlashiga to‘g‘ri keladi.

Samarqand viloyati rahbari yoshlarning g‘oyalari, ishlanmalarini targ‘ib qilish, rag‘batlantirish, shuningdek, amaliyotga tatbiq etish uchun viloyat hokimligi qoshida «Innovatsion markaz» tashkil etilishini e'lon qildi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid