18:30 / 30.09.2018
6022

«MYu» Zidan bilan muzokara boshlagani haqidagi xabarni inkor etdi

«Manchester Yunayted» rahbariyati «Real»ning sobiq bosh murabbiyi Zinedin Zidan bilan muzokaralar o‘tkazilayotgani haqida tarqalgan xabarlarni bema'nilik deb atadi.

Telegraph xabariga ko‘ra, fransiyalik mutaxassis ushbu klubda ishlashga qiziqmoqda, ammo «MYu»dagilar ishonch bilan aytishmoqdaki, u bilan aloqa o‘rnatilmagan.

Xabarda aytilishicha, klub ayni vaqtda faqat bir narsani, Joze Mourino jamoani hozirgi inqirozli holatdan olib chiqa oladimi, yoki yo‘qmi, shuni muhokama etmoqda.

«Manchester Yunayted» ayni vaqtda Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida o‘ninchi o‘rinda bormoqda.

Startdagi 7 turda «qizil iblislar» 10 ochko jamg‘arishdi. Bu 1989/90 mavsumidan boshlab hisoblansa, jamoa tarixidagi ikkinchi eng yomon startdir. 

Avvalroq, «Manchester Yunayted» 2013/14 mavsumida, Devid Moyyes qo‘l ostida 7ta o‘yinda 10 ochko jamg‘argan edi.

Shu yilning mayida «Real»dan ketgan Zidan ayni vaqtda ishsiz yuribdi.

The Sun ma'lumotiga ko‘ra, Zidan hozirda Londonda bo‘lib turibdi va ingliz tili kurslariga qatnamoqda.

Top