Jamiyat | 21:20 / 05.10.2018
25115
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekenergo» sotib yuborilgani aytilgan 1300ta transformator bo‘yicha bayonot berdi

3 oktabr kuni bo‘lgan Xalqaro press-klub sessiyasida «Nuroniy» jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, faxriy jurnalist Sharof Ubaydullayev elektr energiyasi va gaz ta'minotidagi muammo va kamchiliklarni tanqid ostiga olgani to‘g‘risidagi xabar internet saytlarida e'lon qilingandi.

Jurnalist Toshkent shahrida 1300ta transformator sotib yuborilgani va buning ustidan hech kim nazorat qilmagani haqida gapirgandi. Shu bilan birgalikda u bu voqea qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmagandi.

«Juda katta e'tiroz bor: mana, faxriylar menga aytishayapti, «O‘zbekenergo»ning ichidagi o‘g‘rilarni tugatdingizmi, qachon tugatasiz? Masalan, Toshkentda 1300ta transformatorni sotib yuborgan sizning rahbarlaringiz. 1300ta, har bir tumandan o‘rtacha 120−130ta transformator. Bularning oldi 50 ming, 1000−1600 deganlari 10−15 ming dollar turadi. Qayoqqa sotildi? Chunki bizda keyingi paytda xususiy korxonalar paydo bo‘ldi, g‘isht zavodi, sut zavodi, issiqxonalar… Bularning barchasiga transformator kerak. Siz esa «kapeyka»ni to‘g‘rilaylik deb chaqirayapsiz.

Birgina Toshkent shahrida 1300 ta transformator sotib yuborilsa, buni nazorat qiladigan prokurorlar yo‘qmi, sizning ishtirokingiz yo‘qmi? Siz 500 so‘m-1000 so‘m to‘lay olmagan faxriylar, nogironlarning ortidan quvib yuribsiz, bizda ro‘yxatlari ham bor. Siz nogironlarga boshqacharoq qarang. To‘lov imkoniyatlari juda kulgili. Qayerga to‘lashini bilmaydi, ilgari mayli, elektr yomon, gaz yomon deymiz, uyga kelib olardi (to‘lovlarni). Hozir sizning idoralaringizni qidirib borishi kerak. Lekin pulga, to‘lovga kelsa, elektr o‘chib qolayapti, anavi kamchilik bo‘layapti, desa sizning pogonlilaringiz nima deydi, bilasizmi? «Bizning bunga aloqamiz yo‘q, ta'minot energiyada, biz faqat pul olishni bilamiz», deydi. Buni bitta qo‘lga berish kerak: yo siz rahbarlik qiling, yoki ta'minot bilan birga.

Gaz, elektr ichkarisidagi o‘g‘rilar tugatilmas ekan, xalqdan olinayotgan «kapeyka» bilan bu sohani to‘g‘rilay olmaysiz. Ichkarida tartib o‘rnating, xalq siz bilan hamkor bo‘lsin. Mana — faxriylar doimo sizning quvvatingiz bo‘ladi. Prezident qo‘yayotgan masalalarni faqatgina xalqning yelkasiga osmang, o‘g‘rilarni tugating, o‘g‘rilarga bosh bo‘lmang! O‘rtoq prokuror, sizning Majburiy ijro byurongizda kamchiliklar shunaqangi ko‘p. Bir-birini so‘yib qo‘ygan rahbarlar sizga qaraydimi? Amal talashib yotibdi. Shuning uchun pulning orqasidan emas, adolatning orqasidan quving», — deya murojaat qilgandi u «O‘zbekenergo» rahbariyatiga.

«O‘zbekenergo» AJ bu ma'lumot bo‘yicha bayonot berdi.

«Aslida shunga o‘xshash voqea «Toshkent shahar Elektr tarmoqlari korxonasida» 2009 yilda ro‘y bergan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur korxonada olib borilgan tekshirish natijasida jami 541ta transformator ortiqcha chiqqani aniqlangan hamda mutasaddilarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayblar qo‘yilib, shartli ravishda jazo tayinlangan. Ular amnistiya tufayli ozodlikka chiqishgan. Aytish lozimki, Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 1300 transformator sotilgani bilan bog‘liq voqea bo‘lmagan.

Sir emas, bugun mamlakatimizdagi yechimini kutayotgan muammolardan biri bu elektr ta'minotidir. Aholining turli yuqori tashkilotlarga yo‘llayotgan murojaatlarining ham aksariyat qismini elektr ta'minotidagi uzilishlar tashkil etadi. Keyingi ikki yilda joylarda bu muammo biroz bo‘lsa-da hal etilgandek. Ko‘pgina hududlarda oldingidek muttasil uzilishlar kuzatilmayapti. Bu esa navbatida «O‘zbekenergo» AJning bugungi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan islohot hamda mehnat samarasidir. 

Kezi kelganda shuni ma'lum qilamizki, ushbu voqeani yoritishda ba'zi Ommaviy axborot vositalari vakillari shunchaki voqealardan emas, faktga asoslangan materiallardan foydalansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi», deyiladi «O‘zbekenergo» AJ Matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid