O‘zbekiston | 17:36 / 05.10.2018
8624
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» AJ ixtisosli bo‘lmagan obektlarini sotuvga qo‘ydi

O‘zbekistonning turli hududlarida joylashgan va ayni damda neft-gaz sohasi tashkilotlari balansidagi ixtisosli bo‘lmagan 156 obekt ochiq savdolarda xususiy mulkka sotiladigan bo‘ldi.

Fermer xo‘jaliklar rahbarlarini savdoga qo‘yilgan intensiv bog‘lar, bog‘dorchilik xo‘jaliklari, sut mahsulotlarini qayta ishlash sexlari, chorvachilik majmualari, go‘shtni qayta ishlash va kolbasa ishlab chiqarish korxonalari, baliqchilik xo‘jaliklari, issiqxonalar, parrandachilik fermalari, yordamchi xo‘jaliklar, asalarichilik xo‘jaliklari, qandolatchilik sexlari va sovutish uskunalari qiziqtirishi mumkin.

Tadbirkorlar esa yoqilg‘i quyish shoxobchalariga, gaz uskunalarini tekshirish va o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi markazlar, elektr jihozlarini ta'mirlash ustaxonalari, tikuvchilik sexlari, dam olish oromgohlari, sihatgohlar, turar-joy binolari (qurilishi bitmagan), do‘konlar va savdo majmualari hamda qator korxonalarga, shu jumladan to‘qimachilik korxonalariga e'tibor qaratishlari mumkin.

Ma'muriy binolar, sport majmualari, mehmonxonalar va yotoqxonalar, poliklinikalar, yoshlar markazi binolari, do‘konlar, omborxonalar, zotdor otlarni ko‘paytirish va tayyorlash majmualari ham ochiq savdolarga qo‘yilgan.

Ta'kidlash joizki, savdoga qo‘yilgan aktivlarning aksariyati yo‘lga qo‘yilgan biznes bo‘lib, qo‘shimcha mablag‘ kiritilishini talab qilmaydi, bu esa, o‘z o‘rnida, viloyatlardagi tadbirkorlar uchun ayniqsa ahamiyatlidir. Obektlarni yangi egalariga sotish O‘zbekiston viloyatlari aholisini qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan ta'minlash imkonini yaratadi.

Neft va gaz sohasiga tegishli ixtisosli bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlarni savdoga qo‘yish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 iyun kunidagi 443-sonli va 2018 yil 25 avgust kunidagi 685-sonli qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Agar aktivlar ushbu qarorlar qabuliga qadar ijaraga berilgan bo‘lsa, ijarachining obektni sotib olish huquqi oshadi.

Obektlar ochiq savdolarga qo‘yilgan kundan boshlab uch oy mobaynida sotilmagan taqdirda, ular tadbirkorlarga bozor qiymatida 10 yilgacha muddatda uzish sharti bilan sotiladi.

Bundan tashqari, mahalliy ijro hokimiyati organlariga davlat mulki sifatida bepul beriladigan hamda boshqa tashkilotlarga samarali foydalanish sharti bilan xususiylashtiriladigan obektlar ro‘yxati tuzilgan. Xususan, Qarshi tumanidagi issiqxona, Pop tumanidagi mehmonxona, Farg‘ona shahrida joylashgan “Neftchi” madaniyat saroyi va boshqalar shular jumlasidandir. Ro‘yxatdagi obektlar bir oy muddatda mahalliy hokimiyat organlariga qoldiq balans qiymatida beriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ investorlar va tabdirkorlik sub'yektlariga yordam ko‘rsatishga doimo tayyor.

Qo‘shimcha ma'lumotlarni olish uchun yoki bitim tuzishda biror to‘siqlar paydo bo‘lganida, quyidagi telefon orqali murojaat qilish mumkin: +99871 236 02 16.

Takliflar bo‘yicha batafsil ma'lumotni www.uzneftegaz.uz  saytining “Aktivlarni sotish” bo‘limidan olish mumkin.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid