20:22 / 05.10.2018
9884

Zamonamiz qahramoni tasvirlangan yangi asarlar taqdim qilindi

2018 yil 5 oktabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan to‘rtta yangi kitob taqdimoti va asarlar mualliflari bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur kitoblar “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni” ijtimoiy loyihasi doirasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida o‘tkazilgan taqdimot va ijodiy uchrashuvda yozuvchilar Qo‘chqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha”, Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan”, Luqmon Bo‘rixonning “Titrayotgan tog‘”, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Osmon og‘ushi” nomli asarlari keng jamoatchilikka namoyish etildi.

“Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zMAA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari S.Shukurov bugungi kunda yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob, kitobxonlik hamda mutoalaa madaniyatini yanada yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar, ularning samarasi haqida so‘z yuritdi”, deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Osmon og‘ushi” asarida Jizzax dashti biyobonlarida orzularga berilgan, osmonlarga termulgan bolakayning yuksak qalbi qalamga olinadi. 

Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan” nomli kitobida kishilarning afsonaviy zot haqidagi tushunchalaridan, Xizr kimligini o‘z holicha anglab yetgan bir inson taqdiridan hikoya qiladi.

Luqmon Bo‘rixonning “Titrayotgan tog‘” asarida yigirma birinchi asrning birinchi o‘n yilligidagi mo‘'jizasi “Toshkent - Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l qurilishi qalamga olingan.  

Qo‘chqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha” kitobi harbiy vatanparvarlik mavzuida bo‘lib, chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlayotgan chegarachilar hayotiga bag‘ishlangan.

Top