Jahon | 22:00 / 07.10.2018
89217
10 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Putin 66 yoshda: U va Rossiya 18 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Bugun, 7 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 66 yoshini nishonlamoqda. Kun.uz mashhur siyosatchining hayoti va siyosiy faoliyati bilan bog‘liq ayrim fakt va raqamlarni mushtariylari bilan baham ko‘rishga qaror qildi.

Vladimir Putin 1952 yilning 7 oktabrida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida tavallud topgan. SSSR tarqalgunga qadar davlat xavfsizlik qo‘mitasida xizmat qilgan. 1998-1999 yillarda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan.

Vladimir Putin 1998-99 yillarda RF FXX raisi bo‘lgan

1999 yilning 7 avgustda xalqaro terrorchilar Shamil Basayev va Hattob boshchiligida «Islomiy tinchlikparvar brigadasi» jangarilari Dog‘istonga bostirib kirishadi. 9 avgust kuni Putin Rossiya hukumati rahbari — Bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi va jangarilarga qarshi kurashni boshlaydi. 16 avgust kuni u bu lavozimni rasman egallaydi. 15 sentabrga kelib terrorchilar Dog‘iston hududidan siqib chiqariladi.

1999 yilning sentabrida Rossiyada bir qator terrorchilik aktlari (Moskva, Buynaksk va Volgodonsk) yuz beradi va 300dan ziyod kishi qurbon bo‘ladi. Aleksandr Litvinenko va Yuriy Felshtinskiyning «FXX Rossiyani portlatmoqda» kitobida Putindan keyingi FXX rahbari Nikolay Patrushev bosh vazir ko‘rsatmasiga binoan turar joy binolarining portlatilishini uyushtirganini yozadi. Maqsad — bo‘lajak prezidentlik saylovi oldidan o‘z reytingini ko‘tarish va Chechenistonga qo‘shin olib kirilishi uchun jamoatchilikda rozilik kayfiyatini uyg‘otish bo‘ladi. Putinning o‘zi bu versiyani alahsirash, deb ataydi.

Keyinchalik siyosiy karerasi davomida Putin boshchiligida yoki bevosita uning buyrug‘i bilan rossiyalik askarlar Checheniston, Gurjiston, Donbass va Suriyadagi urushlarda qatnashishdi. 2014 yilda Qrim anneksiya qilinib, Ukraina tarkibidan Rossiyaga o‘tkazildi. Hanuzgacha uning bu siyosiy harakati jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmasdan kelinmoqda.

Putinning hokimiyat tepasiga kelishi

1999 yil 31 dekabr kuni Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yeltsin o‘z lavozimidan ketishga ahd qiladi va xalqqa yangi yil telemurojaati asnosida Putinning o‘zining siyosiy vorisi ekanligini e'lon qiladi. Putin Rossiya prezidenti vazifasini bajarishga kirishadi.

2000 yilning 26 martidan Putin Rossiyaning saylangan prezidentiga aylanadi va o‘sha yilning 7 mayidan vazifasiga kirishadi. Saylovlarning birinchi turidayoq u 52,94 foiz ovoz to‘playdi.

Putinning ilk inauguratsiya marosimi.
Foto: Vladimir Rodionov / TASS

2004 yilning 14 martida u ikkinchi muddatga Rossiya Federatsiyasi prezidenti etib saylanadi va birinchi turning o‘zida 71,31 foiz ovoz to‘playdi. 2004 yilning 7 mayida lavozimni bajarishga kirishadi.

2008 yilning 7 mayida u saylangan prezident Dimitriy Medvedevga lavozimni topshiradi va o‘zi hukumatni boshqarishga kirishadi

Medvedevning prezidentlik davrida Rossiyada prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilgacha uzaytiriladi. Bu vaqtga kelib Putin Time jurnalining «Jahonning ta'sir kuchi eng katta insonlari ro‘yxati»da ikkinchi o‘rinda borayotgan edi.

V.Putin Time jurnali muqovasida

Dmitriy Medvedev bir muddat prezidentlikni o‘tab bo‘lgach, 2012 yilning 4 martida o‘tgan prezidentlik saylovlarida Putin yana ishtirok etadi va saylovda ishtirok etgan 63,6 foiz saylovchining ovozini to‘plab, o‘sha yili 7 maydan uchinchi bor prezidentlik lavozimiga kirishadi.

U 2018 yilning 18 martida 76,6 foiz ovoz bilan to‘rtinchi bor prezident etib saylandi.

2018 yil 7 may, Kremlda inauguratsiya marosimi
Alexander Zemlianichenko/AP

Juda ko‘plab rossiyaliklar uni munosib va juda yaxshi rahbar deb bilishadi. Buni saylovlarda to‘plangan ovozlardan ham bilib olish mumkin.

Levada-sentr ijtimoiy so‘rov markazi shu yilning aprel oyida Vladimir Putinsiz erishish mumkin bo‘lmagan muvaffaqiyatlar borasida rossiyaliklar o‘rtasida so‘rov o‘tkazadi. Ushbu so‘rovdagi ayrim savollarni MBX-Media tahlil qilib chiqqan.

1. U Rossiyaga buyuk barqudrat mamlakat statusini qaytardi

«Putin Rossiyani yana buyuk mamlakatga aylantirdi». Rossiyaliklarning 47 foizi aynan mana shu fikrda. 2000 yilda 1 barrel neftning bahosi jahon bozorlarida 28 dollar turgan. 2011-12 yillarga kelib neft bahosi 110 dollardan ortiq edi. Neft sotuvidan 3-4 barobar ko‘proq pul kela boshlagan. Albatta, bu rossiyaliklarning yashash tarziga ijobiy ta'sirini o‘tkaza boshlagan. Biroq bu yerda Putinning hech qanday xizmati yo‘q. Shunchaki, bozordagi vaziyat shunday tus olgani uning omadidir.

2011-12 yillarda bir barrel neft bahosi 110 AQSh dollaridan yuqoriladi

2014 yilda rubl qiymati kutilmaganda pastga qulagach, kimdadir qandaydir jamg‘arma bo‘lsa, TV ekraniga termulib, valyutalar kursini kuzata boshladi. Mamlakat aqlli va iste'dodli insonlar nima o‘ylab topayotganiga emas, Yer qa'ridan nima qazib olinayotganiga bog‘lanib qolgandi.

Rossiya jahondagi eng katta mamlakat. Jahon iqtisodiyotida Rossiyaning tutgan ulushi esa 2 foizga teng. Agar Yaponiya Rossiya sub'yekti bo‘lganida hududi jihatidan 13-o‘rinda bo‘lar edi. Lekin u yerda 128 million aholi yashaydi va jahon iqtisodiyotining 6 foizi yaponlarga tegishli.

2018 yilda buyuklik ko‘rsatkichi sifatida yirik va barqaror iqtisodiyot bo‘lishi mumkin, lekin yaqin va uzoq davlatlardagi nishonni aniq ura oladigan raketalar emas.

2. U Shimoliy Kavkazdagi vaziyatni barqarorlashtirdi

Putin Kavkazdagi urushga chek qo‘ydi. Buni tan olmaslik mumkin emas. Lekin undan keyin nima bo‘ladi? Checheniston rahbari Ramzon Qodirov bilan u ota-boladek munosabatda va shaxsiy kelishuvlari bor. Unga ko‘ra, Rossiya Chechenistonga amalda o‘lpon to‘laydi. Agar Rossiyaning keyingi prezidenti buni qilishdan bosh tortsa, yangi urush avj olishi hech gap emas.

Putin Checheniston rahbari Ramzon Qodirov bilan.
Foto: 
AFP

Chechenistondagi barcha kuch ishlatar tizimlar Qodirovga qarab ishlashadi. Butun bir armiya, IIVning «Sever» bataloni Ramzon Qodirovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi. U musulmon davlatlari yetakchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib boradi, uning jangchilari Suriya va Donbassda jang qilishmoqda. U ko‘pxotinlikni targ‘ib etib, shariat Rossiya qonunlaridan ustun ekanligini ochiq ta'kidlab keladi.

3. Pensiya islohotlari va namoyishlar

Agar raqamlar rublda aks ettirilsa 18 yil avvalgi maoshlarni bugungisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi, albatta. 2000 yilda o‘rtacha maosh 2223 rubl bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u 39085 rublni tashkil etmoqda (Rosstat ma'lumoti). Lekin bu shunchaki raqamlar. Dollarda tasvirlansa, o‘rtacha oylik maoshlar bu yillar ichida u qadar oshmaganini ko‘rish mumkin: 2005 yil — 300$, 2018 yilda — 500$.

Rossiyalik pensioner ayol do‘konda

So‘nggi saylovlar o‘tib olgach, hukumat pensiya yoshini oshirish rejasi haqida gapira boshladi va Putin yaqinda bu qonunni imzoladi ham. Erkaklar uchun u 65 yoshgacha ko‘tariladi. Holbuki Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 66 yilni tashkil etadi. Bu islohot butun Rossiya bo‘ylab katta noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqardi. Putinning ham, hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasining ham reytingi keskin pastlashiga sabab bo‘ldi.

4. U MDH davlatlarining Rossiya bilan yaqinlashishini ta'minladi

Rossiyaliklar Putin MDH davlatlari bilan Rossiyaning aloqalarini kuchaytirdi, deb hisoblashadi. 2008 yilgi urushdan so‘ng Gurjiston, 2014 yilda — Qrim anneksiya qilingach esa Ukraina MDH tarkibini tark etganining o‘ziyoq bu ta'kid noto‘g‘ri ekanligini isbotlaydi.

Putin Qozog‘iston va Belarus yetakchilari bilan.
Foto: RIA-Novosti

Qo‘shnilari Rossiyani hurmat qilishdan ko‘ra, ko‘proq undan qo‘rqishadi.

5. Putinning tayanchi

Rossiyaliklarning faqatgina 14 foizi sudlarga ishonadi, 21 foiz kishilar esa politsiyaga. Bu yerda ortiqcha ta'kidga hojat bo‘lmasa kerak.

Rossiya OMONi miting qatnashchisini ixotalamoqda.
Foto: Reuters

6. Putin va O‘zbekiston

2016 yilning kuzida O‘zbekistonda hokimiyat almashgach, Rossiya bilan munosabatlar jadal rivojlana boshlandi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida tez-tez telefon muloqotlari va uchrashuvlar o‘tkazila boshlandi. 2018 yilning aprelida O‘zbekiston prezidentining Moskvaga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 16 mlrd dollarni tashkil qilgan shartnomalar imzolangan.

Shu yilning 18-19 oktabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari Shavkat Mirziyoyev hamda Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Rossiya prezidentining rasmiy tashrifi doirasida Rossiya-O‘zbekiston birinchi hududlararo hamkorlik forumi o‘tkaziladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid