O‘zbekiston | 00:02 / 10.10.2018
6131
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi huzurida soliq bilan bog‘liq nizolarni sudgacha hal qilish kengashi tuzilmoqda

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hukumat qarori bilan, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tarkibi va kengash to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlangan.

Kengash raisi etib moliya vazirining o‘rinbosari V.Pak tayinlangan. Kengash tarkibidan Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari, DSQ raisining birinchi o‘rinbosari, adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, soliq maslahatchilari palatasi boshqaruvi raisi, auditorlar palatasi kengashi raisi, buxgalterlar va auditorlar milliy uyushmasi kengashi raisi, buxgalterlar federatsiyasi boshqaruvi raisi, advokatlar palatasi raisi o‘rin olishgan.

Maslahat organi hisoblanuvchi kengash soliq nizolarini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi DSQ Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi tomonidan avval ko‘rib chiqilgan, ko‘rib chiqish natijalari soliq nizosini hal qilish uchun Kengashga murojaat qilgan soliq to‘lovchi, soliq agenti va (yoki) soliq to‘lovchining vakilini qoniqtirmagan soliq nizolarini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi.

Kengash qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkazilayotgan soliq tekshiruvlari bo‘yicha hamda soliq to‘lovchi soliq nizolari bo‘yicha davlat soliq xizmati organlari qarorlari, ularning mansabdor shaxslar harakati yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilgan hollarda soliq nizolarini ko‘rib chiqmaydi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid