O‘zbekiston | 21:54 / 11.10.2018
5450
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mudofaa vaziri Armaniston, Belarus hamda Ozarboyjon mudofaa vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Bugun, 11 oktabr kuni «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasining anjumanlar zalida O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Armaniston, Ozarboyjon va Belarus respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari bilan alohida, ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi Axborot xizmati

Uchrashuv davomida tomonlar mudofaa va harbiy ta'lim sohasida hozirgi kunda olib borilayotgan hamkorlik hamda uning istiqbollariga oid masalalarni muhokama qildi, harbiy texnika yo‘nalishida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasida fikr almashdilar.

Ozarboyjon va Belarus respublikalarining mudofaa vazirlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida 2019 yil davomida O‘zbekiston mudofaa vazirligi bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama rejalar imzolandi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi Axborot xizmati

O‘zbekiston va Belarus respublikalarining Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyatining Belarusga rasmiy tashriflari, kelgusida ham harbiy topografiya, geodeziya, kartografiya va navigatsiya sohalarida hamkorlikni davom ettirish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, O‘zbekiston hududida Belarus bilan qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi Axborot xizmati

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy ta'lim sohasida tajriba almashishga yo‘naltirilgan tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, rejaga ko‘ra, o‘zbekistonlik harbiy mutaxassislar Ozarboyjonda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ta'kidlangan.

Ma'lumot o‘rnida: joriy yilning 12 oktabr kuni O‘zbekiston xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining 75-majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston mudofaa idoralarining rahbarlari ishtirok etadi.

Mavzuga oid