Kocharyanning ofisi ma’lum qilishicha, sobiq prezident 14 iyun kuni Yerevandagi «Zvartnots» xalqaro aeroporti orqali mamlakatdan chiqib ketmoqchi bo‘lgan. Biroq chegara nazorati xodimlari unga Armanistonni tark etish taqiqlanganini ma’lum qilgan.

Kocharyan ofisi rahbari Bagrat Mikoyanning ta’kidlashicha, sobiq prezidentga chiqish taqiqining sabablari tushuntirilmagan. Uning aytishicha, Kocharyan xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan qisqa xususiy safarga yo‘l olgan. Biroq safarning aniq yo‘nalishi yoki maqsadi ochiqlanmagan.

Bu voqea Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning korrupsiya va saylov jarayonlaridagi qonunbuzarliklarga qarshi kurash haqidagi bayonoti bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Pashinyan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari vaqtida ovoz sotib olish holatlari kuzatilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pora tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar va guruhlarga qarshi qat’iy choralar ko‘riladi.

«Pora tarqatgan kuchlarga boshqa imkoniyat berilmaydi. Bu haqda xalq o‘z ovozi bilan qaror chiqardi», — dedi Pashinyan.

Shu bilan birga, mamlakatdagi yirik tadbirkor va «Farovon Armaniston» partiyasi rahbari Gagik Tsarukyanga nisbatan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura uni ayniqsa yirik miqdorda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblamoqda. Tsarukyan ham mamlakatni tark etishga uringanida chiqish taqiqlangani haqida xabardor qilingan.

Robert Kocharyan 1998–2008 yillarda Armaniston prezidenti lavozimida ishlagan. Keyinchalik u Rossiyaning yirik investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lgan AFK «Sistema» rahbariyatida faoliyat yuritgan.

2021 yilda u «Dashnaksutyun» va «Tiklanayotgan Armaniston» partiyalari negizida tashkil etilgan «Armaniston» siyosiy blokiga rahbarlik qildi. Mazkur blok Rossiyaga moyil siyosiy pozitsiyasi bilan tanilgan. Ayrim tahlilchilar Kocharyanni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin siyosatchilardan biri sifatida baholaydi.

Kocharyan, shuningdek, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining birinchi rahbari sifatida ham ma’lum. U mazkur hududda tug‘ilgan va Qorabog‘dagi separatistik harakat yetakchilaridan biri bo‘lgan.

14 iyun kuni Armaniston Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlarining yakuniy natijalarini e’lon qildi. Natijalarga ko‘ra, Nikol Pashinyan boshchiligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi parlamentda 107 o‘rindan 64 tasini qo‘lga kiritib, mutlaq ko‘pchilikni ta’minladi.