O‘zbekiston | 22:00 / 12.10.2018
8979
4 daqiqa o‘qiladi

MDH davlatlari Ikkinchi Jahon urushining 75 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirishmoqchi

Foto: Mudofaa vazirligi

12 oktabr kuni Toshkentdagi O‘zbekiston xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov o‘z nutqida yig‘ilishning barcha ishtirokchilarini qutlab, global xavf va tahdidlar kuchaygan bir vaqtda Kengashning muhim ahamiyatga ega ekanligini o‘z tasdig‘ini topayotganini ta'kidlab, Kengash ko‘p tomonlama harbiy hamkorlikning kengayishi uchun muhim platforma eganligiga ishonch bildirdi.

«MDHga a'zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi o‘z faoliyati davomida ko‘p tomonlama harbiy hamkorlikni ta'minlovchi, harbiy siyosat va harbiy qurilish, harbiy mojarolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadigan amaliy organ sifatida shakllanib ulgurdi.

Bugungi uchrashuvimiz o‘sib borayotgan geosiyosiy tanglik, tobora radikallashayotgan va kuchayib borayotgan diniy fanatizm, yaqin va uzoqdagi qo‘shnilarimizda mojaroli vaziyatlar yuzaga kelayotgan bir vaqtda bo‘lib o‘tmoqda.

Hamdo‘stlikka a'zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining formati milliy va umumiy qarashlarni hisobga olgan holda o‘zaro aloqalar diapazonini kengaytirish imkonini berishini inobatga olib, O‘zbekiston mazkur kollektiv organi faoliyatida ishtirok etishga alohida e'tibor qaratmoqda», – deya Abdusalom Azizovning so‘zlarini keltirgan Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilish davomida Markaziy Osiyodagi vaziyat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish yo‘lidagi ustuvor vazifalar, Hamdo‘stlikka a'zo mamlakatlar o‘rtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, radiatsion, kimyoviy va biologik vaziyatni baholash hamda nazorat qilishda Birlashgan tizimning istiqbollari muhokama qilingan.

Shuningdek, MDHga a'zo mamlakatlar qurolli kuchlari aviatsiya parvozlari sohasida hamkorlik masalalari, Yagona davlat radiolokatsion identifikatsiya tizimini amalga oshirish, harbiy ta'lim sohasida harbiy bilim yurtlari kursantlari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish, Ikkinchi Jahon urushining 75 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, kengash a'zolari Mudofaa vazirlari kenashining 2019 yil bo‘yicha ish rejasini qabul qilgan, MDHga a'zo mamlakatlar qurolli kuchlarining hamkorlikdagi (birlashgan) aloqa tizimini rivojlantirishga, 2022 yilga qadar qurolli kuchlar faoliyatining dasturiy ta'minoti, navigatsiya, metrologiya, topografiya va geodeziya sohasida hamkorlikni tashkil etish, 2019 yil davomida MDHga a'zo davlatlar Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qo‘shinlari qo‘mondonliklari o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan hujjatlar imzolandi.

Yig‘ilishga Rossiya Federatsiyasining mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu raislik qildi.

Ma'lumot uchun, MDHga a'zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi 1992 yilda tashkil etilgan. Mazkur kengash tarkibidan Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikasi vakillari o‘rin egallagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid