Jahon | 13:33 / 12.03.2026
2434
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova hukumati mamlakatning MDHdan chiqishini ma’qulladi

Moldova hukumati mamlakatning Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) a’zoligiga oid asosiy shartnomalarni bekor qilishini qo‘llab-quvvatladi. Agar parlament ham ma’qullasa, qonun loyihasi prezident Mayya Sanduga imzolash uchun yuboriladi.

Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

Moldova hukumati 11 mart, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatning Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) a’zoligiga asos bo‘lib xizmat qiluvchi muhim kelishuvlarni denonsatsiya qilishini qo‘llab-quvvatladi. Gap 1993 yil 22 yanvarda Minskda imzolangan MDH nizomi, 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tuzish to‘g‘risidagi kelishuv, shuningdek, 1991 yil 22 dekabrdagi mazkur kelishuvga ilova haqida ketmoqda.

Endi qonun loyihasi Moldova prezidenti Mayya Sanduga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Agar u ma’qullasa, hujjat mamlakat parlamentiga kiritiladi. Agar deputatlar ham ijobiy qaror qabul qilsa, Moldova hukumati MDH ijroiya qo‘mitasini xabardor qiladi va 12 oydan keyin respublika tashkilotdagi ishtirokini to‘xtatadi.

Moldova MDHdan chiqish jarayonini boshlagani haqida yanvar oyida mamlakat tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy xabar bergan edi. U buni “mamlakatning Yevropa yo‘nalishini mustahkamlashdagi muhim qadam” deb atagan. Uning aytishicha, Kishinyov MDH bilan imzolangan 283 ta kelishuvdan 71 tasini allaqachon denonsatsiya qilgan, yana qariyb 60 tasini bekor qilish jarayoni davom etmoqda. Shu bilan birga, vazir agar ular Yevropa yo‘liga zid kelmasa, iqtisodiy foyda keltiradigan yoki fuqarolar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega kelishuvlardan Moldova voz kechmasligini ta’kidlagan.

Mayya Sandu yanvar oyida, agar shunday referendum o‘tkazilsa, o‘z mamlakatining NATO va Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan Ruminiyaga qo‘shilishi uchun ovoz berishga tayyor ekanini bildirgan edi. Moldova prezidenti o‘z pozitsiyasini mamlakatni Rossiya bosimidan himoya qilish istagi bilan izohlagan.

Shu bilan birga, Sandu aholining ko‘pchiligi uning bu yondashuvini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi ancha realistik ssenariy ekanini ta’kidladi. So‘rovnomalar ko‘rsatishicha, Moldova aholisining faqat taxminan uchdan bir qismi Ruminiya bilan birlashish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Moldovaning hozirgi hukumati mamlakatni 2030 yilga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ammo buning uchun Kishinyov bir qator murakkab islohotlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid