Jamiyat | 11:58 / 12.10.2018
46315
3 daqiqa o‘qiladi

«Uzumlar g‘arq pishgan palla». Asakaning «Qo‘ng‘irot» qishlog‘i tokzorlaridan fotomaqola

O‘zbegimning oltin kuzi. Bozorlar turli meva-chevalar bilan to‘lgan payt. Ayniqsa, quyosh tafti va mirishkorlar mehnati evaziga pishgan uzumlar shira bog‘lab, tilni yoraman deydi..   

Andijonning Asakasidagi “Qo‘ng‘irot” uzumlari ta'rifini eshitib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgani yo‘l oldik. Haqiqatda, uzumlarining dovrug‘i respublika va chet ellarga yoyilgan  qishloq xonadonlari tomorqasida tok parvarish qilmaslik ayb sanalar ekan. Har bir xonadon ko‘cha betiga ham so‘ritok ko‘tarib uzum ekkan.

“Qo‘ng‘irot” qishlog‘idagi fermer bog‘bonlarning tokzorlari esa jannat bog‘lari misol. Uzumning tanasini “zang” deyishadi. “Zang”dan o‘sib chiqqan novdalarda xuddi atay g‘uj ilib qo‘yilgandek osilib turgan uzum boshlarini ko‘rasiz. Tokzorlardagi pokizalik, birorta nuqsoni yo‘q mevalar bog‘bonlarning o‘z kasbining mirishkori ekanligidan dalolat.

Qishloq nuroniylari 87 yoshli Qudratboy ota boshchiligida tokzorlarida hosili yetilgan bog‘bonlarga “uzish” oldidan duo bergani kelishibdi. Ular bilan tok parvarishlar sirlari, uzum navlari haqida uzoq suhbatlashdik. Otaxonlar qishloqdagi uzumchilik tarixi, “Hasayni”, “Husayni”, “Rizamat ota” “Kishmish” “Qattaqo‘rg‘on”, “Ketmonsopi”, “Kelinbarmoq”, “Daroyi” navlarining o‘ziga xos tomonlarini gapirib berishdi.

Qizig‘i, biz jarayon davomida uzumning qanday uzoq vaqt - 9-10 oy sifatini buzmay saqlanish sirini bilib oldik. Bog‘bonlar uzilgan uzumlarni yog‘och idishlarga joylayotib, bandini suvli idishga solib qo‘yar ekan. Uzum bandi orqali suv bilan oziqlanib, so‘limasdan turar ekan.

Ravshanbek Orziyev boshchiligidagi “Qo‘ng‘irot tokzorlari” xo‘jaligi 3 gektar tokzorning har gektaridan 17 tonnadan hosil yetishtiribdi. “Qo‘ng‘irot ilg‘or bog‘boni” xo‘jaligiga esa Adhamjon Hasanov yetakchilik qiladi. Har ikki bog‘bon tokzorlaridagi uzumning bir boshi ikki kilogrammgacha yetgan.

Bog‘bonlar o‘z hosili bilan mahalliy bozorni to‘ldiradilar. Katta qismi esa boshqa davlatlarga eksport uchun. Bog‘larni ko‘p kezib, hayratimizni yashira olmaganimiz bor gap.   

Safar davomida ko‘pdan-ko‘p fotosuratlar oldik. “Ilinganimiz” esa eng saralari. Maqola tayyorlashda yaqindan yordam bergan Asaka tuman hokimligi va hokim o‘rinbosari Ulug‘bek Sultonovga alohida tashakkurimiz bor.    

 Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid