Istanbulda saudiyalik jurnalistning yo‘qolishi Turkiya va AQShning qirollik bilan munosabatlarini keskinlashtirib yubordi. Amerika senati Ar-Riyod bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Foto: Reuters /Murad Sezer

Ar-Riyodni qurolsizlantirish

AQSh senatorlari prezident Donald Trampni saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining yo‘qolishi bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirishdi.  10 oktabr kuni Trampga yo‘llangan murojaatni 22 nafar senator imzolagan.

Jurnalistni so‘nggi marta 2 oktabrda Saudiyaning Turkiyadagi konsulligi binosiga kirib ketayotganida ko‘rishgan. Qoshiqchi «xalqaro e'tirof etilgan inson huquqlarining qo‘pol buzilishi» qurboniga aylangan bo‘lishi mumkin, deyiladi senatorlar murojaatida. AQShda 2012 yilda qabul qilingan inson huquqlariga rioya qilinishi bo‘yicha Xalqaro Magnitskiy aktiga muvofiq senat tashqi ishlar qo‘mitasining ikki nafar a'zosidan murojaat kelganidan so‘ng prezident 120 kun ichida inson huquqlari buzilishiga aloqador mamlakat fuqarolariga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqida qaror qabul qilishi darkor.

Senatorlarning murojaati haqida jurnalist yo‘qolganidan deyarli o‘n kun o‘tib ma'lum bo‘ldi. Ularning ayrimlari qirollik bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatishga chaqirmoqda. «Toki biz ularni qurollantirib va qo‘llab-quvvatlar ekanmiz, saudiyaliklar oddiy fuqarolar va jurnalistlarni o‘ldirishda davom etishadi. Prezident zudlik bilan Saudiya Arabistoniga qurol sotish va harbiy yordamni to‘xtatishi shart», — deb yozdi 11 oktabr kuni respublikachi senator Rend Pol o‘zining Twitter sahifasida. «Agar bu inson Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilgan bo‘lsa, bu xalqaro hamjamiyat o‘rnatgan barcha chegaralardan chiqish degani», — deya fikr bildirdi ilgari AQShning Ar-Riyod bilan hamkorligini bir necha bor himoya qilgan respublikachi senator Lindsi Grem.

Tramp Ar-Riyod bilan munosabatlarni uzish yoki cheklash Amerika manfaatlari uchun zararli ekanligini bildirdi: «Bu bizga zarar keltiradi deb o‘ylayman» dedi u. Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik AQShda ish o‘rinlarini yaratadi, ikki tomonlama aloqalarni uzish esa amerikaliklar uchun «juda-juda murakkab qaror bo‘ladi» deb tushuntirdi u. Shu bilan birga Tramp Jamol Qoshiqchining yo‘qolishi bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritishga va'da berdi.

AQSh va Saudiya Arabistoni munosabatlari

Saudiya Arabistoni AQShning asosiy savdo hamkorlari orasida 22-o‘rinda turadi. 2017 yilda AQShning Saudiya Arabistoni bilan tovar almashish hajmi 45,6 mlrd dollarni tashkil etdi: AQShdan eksport— 25,5 mlrd, import — 20,1 mlrd dollar.