Jahon | 14:02 / 02.12.2025
2782
2 daqiqa o‘qiladi

RF va Saudiya Arabistoni vizani bekor qilish to‘g‘risida shartnoma imzoladi

Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘zaro vizasiz rejimi 2026 yil boshida kuchga kirishi mumkin, dedi RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak. Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama biznes forumi doirasida tegishli kelishuv imzolandi.

Foto: RIA Novosti / Ramil Sitdikov

Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘zaro vizasiz rejim joriy etmoqda. Dushanba kuni, 1 dekabrda, RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal Al Farhan Ar-Riyodda o‘tkazilgan Rossiya–Saudiya biznes forumi doirasida har ikki davlatning har qanday pasporti egalari uchun viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzoladi, deb xabar beradi Rossiyaning RIA «Novosti» agentligi.

Novakning aytishicha, vizasiz rejim 2026 yil boshida amal qilishni boshlashi mumkin.

«Endilikda imzolangandan so‘ng notalar almashish va ushbu hujjatning kuchga kirishiga oid yuridik tartib-taomillar o‘tkaziladi. Mening fikrimcha, kelasi yil boshidayoq fuqarolarimizga mamlakatlarimizga vizasiz rejimda tashrif buyurish imkoniyati beriladi», — dedi u «Rossiya 24» telekanali efirida.

Hozirgi paytda RF fuqarolari Saudiya Arabistoni vizasini yo onlayn tartibda, yoki qo‘nish aeroportida rasmiylashtirishi kerak. Bu viza Yaqin Sharqdagi podshohlik hududida yil davomida 90 kungacha bo‘lish huquqini beradi.

Xuddi shu kuni RF prezidenti Vladimir Putin Xitoy bilan vizasiz rejim to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi. Xitoy Xalq Respublikasi rossiyaliklar uchun vizasiz rejimni sentabr oyida joriy etgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid