23:50 / 13.10.2018
27428

Pastor Branson ozod etilgach Erdo‘g‘an Trampga murojaat qildi

Foto: Anadolu Agency

Izmir sudi amerikalik pastor Endryu Bransonni ozod qilgach “Turkiya sudi o‘z qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi”, deb yozgan o‘z Tvitterida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQShlik hamkasbi Donald Trampga murojaat qila turib.

Bungacha NBC telekanali o‘zining Oq uydagi manbalariga tayangan holda AQSh va Turkiya hokimiyati Endryu Bransonni ozod etish borasida maxfiy bitimga kelishganini xabar bergan edi. Tramp turk davlati rahbari Erdo‘g‘anga pastorning ozod etilganida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgan va Turkiya bilan bu borada hech qanday kelishuvlar bo‘lmaganini ham qistirib o‘tgan.

AQSh prezidenti shanba kuni kunduzi Ovalsimon kabinetda Bransonni qabul qilishini ham e'lon qilgan.

“Muhtaram prezident Tramp, doimo ta'kidlaganimdek, Turkiya sudi o‘z qarorini mustaqil ravishda chiqardi. Umid qilamanki, AQSh va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar ittifoqchilarga xos tarzda davom etadi va davlatlarimiz terrorchilik tashkilotlari, birinchi navbatda, FETO (muxolifatdagi islomiy da'vatchi Fathulloh Gulenning tashkiloti), Kurdiston ishchi partiyasi va “Islom davlati”ga qarshi birgalikda kurashadi”, — deb yozgan Erdo‘g‘an Twitterʼda.

Juma kuni Izmir shahri sudi Bransonni uch yilu, bir yarim oyga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan va uni uy qamog‘idan ozod etgan. Sud Branson hibs ostida o‘tkazgan kunlarni hisoblab chiqib, unga nisbatan qo‘llanilgan barcha ehtiyot choralarini bekor qilgan, jumladan, xorijiy davlatga chiqib ketish bo‘yicha taqiqni ham.

Vashington va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar keyingi vaqtlarda keskinlashayotgan edi va sabablar ichida Branson ishi ham salmoqli ulushga ega edi. Branson 2016 yilda Turkiya hokimiyati tomonidan davlat to‘ntarishiga aloqadorlik va Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi bilan aloqalarda ayblanib, hibsga olingan edi. Avgust oyi boshlarida AQSh moliya vazirligi Turkiya adliya vaziri Abdulhamit Gul va IIV rahbari Sulaymon So‘yluga qarshi sanksiyalar e'lon qilgan va ularni “inson huquqlarini jiddiy poymol etish”da ayblab chiqqan edi.

So‘ngra AQSh prezidenti Turkiyadan kiritiladigan alyuminiy va po‘latga bojlarni mos ravishda 20 va 50 foizga oshirilishini e'lon qildi. Bu esa turk lirasining tarixiy minimumgacha qulashiga sababchi bo‘ldi. Anqara ham bo‘sh kelmasdan Amerikadan kiritiladigan 22 turdagi mahsulotlarga bojlarni ko‘tardi. Ular tamaki, alkogol, avtomobillar, attorlik mahsulotlari, guruch va mevalar kabi 553 million dollarlik mahsulotlarni tashkil etgan.

Top