Jahon | 08:07 / 15.10.2018
15097
3 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In AQShga yadroviy obektlar ro‘yxatini berishdan bosh tortdi, Tramp bayonot berdi

Foto: REUTERS

KXDR yetakchisi Kim Chen In 1950-1953 yillardagi Koreya urushini rasmiy tarzda yakunlash to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolashdan oldin AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoga inspeksiyadan o‘tkazish uchun yadroviy obektlar ro‘yxatini taqdim etishdan bosh tortdi. Bu haqda Yaponiyaning «Yomiuri» gazetasi nomi oshkor qilinmagan manbalarga asosan xabar bermoqda.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Pompeoning hech bo‘lmaganda obektlarning qisman ro‘yxatini taqdim etish bo‘yicha iltimosiga javoban, Kim Chen In «ishonchli munosabatlar bo‘lmasa, hattoki ro‘yxat taqdim etilsa ham, Qo‘shma Shtatlar baribir unga ishonmaydi», deb javob qaytargan.

«Ma'lumotlar qayta-qayta talab qilinishi mumkin. O‘shanda bahs yuzaga keladi», - deya Kim Chen Inning so‘zlarini keltiradi «Yomiuri» gazetasi.

KXDR yetakchisining ta'kidlashicha, «yadrosizlashtirish uchun birinchi navbatda AQSh va KXDR o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash kerak».

AQSh prezidenti Donald Trampning tan olishicha, Pxenyan yadro dasturi to‘xtatilganini aniq tasdiqlay olmaydi.

CBS telekanali boshlovchisi Tramp bilan intervyu davomida shunday dedi: «Aytishlaricha, ular bitta ham jangovar kallakni yo‘q qilmagan, aksincha, yana ko‘proq raketalar qurishmoqda ekan».

Tramp shunday javob berdi: «Men sizga ular poligonlarni yopayotganini ayta olaman».

«Biz haqiqatan ham bilmaymiz. Biroq, ular raketalarni sinovdan o‘tkazmagan va yadroviy sinovlar bo‘lmagan», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Tramp.

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga ishonishini aytdi.

«Ha, men unga ishonaman. Bu men adashishim mumkin emas, degan ma'noni keltirib chiqarmaydi», - dedi Tramp CBS’ga intervyuda.

Telekanal boshlovchisi Trampga Kim Chen Inga qarshi ayblovlar, jumladan, repressiyalar va majburiy mehnatdan foydalanishi haqida eslatdi.

«Men bu narsalardan xabardorman, men yosh bola emasman», - dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va Kim Chen In o‘rtasidagi munosabatlarning borligi baribir ijobiy omil hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Kim Chen In bilan qachon uchrashishini aytgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid