«Toshshahartransxizmat» eski avtobuslardan batamom voz kechish niyatida emas
«Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan va eng ko‘p masofa bosib o‘tgan avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarmaslik haqida qabul qilingan qaror OAVda e'lon qilingach, turli muhokamalar paydo bo‘ldi. Xususan, xabarda ta'kidlanganidek, «Toshshahartransxizmat» rahbari Mohir Valiyev mazkur turdagi avtobusda navbatdagi marta yong‘in kelib chiqqani tufayli yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlash maqsadida bu qarorni qabul qilgani bayon etilgandi. Ijtimoiy tarmoqdagi ayrim foydalanuvchilar shahar jamoat transportining harakat paytida tez-tez yonib ketishi bunday qaror qabul qilinganiga bevosita ta'sir o‘tkazganiga shubha qilmagandi.
«Toshshahartransxizmat» rasmiy vakilining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mazkur qarorda gap 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslardan batamom voz kechish haqida borayotgani yo‘q. Aksincha, ularning harakati vaqtincha cheklanib, chuqurlashtirilgan texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
«To‘g‘ri, tekshiruvlar davomida avtobuslar orasida kapital ta'mirga muhtoj transportlar ham aniqlanishi mumkin. Bu raqam albatta, sanoqli bo‘ladi. Biroq, asosiy avtobuslar mutaxassislar tomonidan qisqa fursatda chuqur texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarga barham berilib yana ulardan foydalanish davom ettiriladi», deydi rasmiy vakil.
Ma'lum qilinishicha, 13-14 oktabr — shanba va yakshanba kunlari avtosaroy va ta'mirlash korxonalarida ishlar uch smenada (kecha-kunduz) tashkil etilib, eski avtobuslarning asosiy qismi tekshiruvdan o‘tkazilib, aniqlangan nosozliklar bartaraf etildi. Shu asosda haftaning boshidan imkon darajasida avtobuslar jadvalida muammolar bo‘lmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun harakatdagi avtobuslarning asosiy qismi ma'nan eskirgan, ularning o‘rtacha yoshi 9-10 yilni tashkil etayotgani so‘nggi paytlarda uchrab turgan ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
09:26 / 13.11.2024
Toshkentda yana 7 ta ko‘chada avtobus yo‘laklari joriy etiladi
23:06 / 11.11.2024