Jamiyat | 13:08 / 16.10.2018
18566
7 daqiqa o‘qiladi

«Xalq banki» hech kimning haqini yeb ketmayapti - maqolaga munosabat

Foto: KUN.UZ

Kun.uz saytida «Navoiyda 60 ta oilaning haqini kim yeb ketayapti: “Xalq bankimi yoki noshud quruvchi?» sarlavhali maqola chop etildi. Mazkur maqolada AT «Xalq banki» Karmana Amaliyot bo‘limi filiali hamda «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJ (rahbari — Feruz To‘xtayev) o‘rtasidagi kredit mojarosi tafsilotlari xususida so‘z boradi. 

AT «Xalq banki» axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida aksiyadorlik tijorat «Xalq banki» tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Aniqlanishicha, 2016 yil 15 dekabrda «Xalq banki» Karmana Amaliyot bo‘limi filiali hamda «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJ o‘rtasidagi 227-sonli kredit shartnomasi imzolangan. Unga asosan, filial tomonidan mijozning «Aylanma mablag‘larni to‘ldirish, qurilish materiallarini sotib olish» maqsadida 1,5 yil muddatga yillik 16 foiz ustama to‘lash sharti bilan 410.000.000 (to‘rt yuz o‘n million) so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Mazkur ajratilgan kredit ta'minoti sifatida «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJga tegishli bo‘lgan, Karmana tumani «Narpay» QFY, «Yoshlik» mahallasida joylashgan qurilishi tugallanmagan 5 qavatli turarjoy binosi yerga bo‘lgan doimiy foydalanish huquqi bilan birga tomonlarning o‘zaro kelushuviga asosan 477.500.000,0 so‘mga hamda fuqaro Kamoliddin Safayevga tegishli bo‘lgan, «Lasetti» rusumli avtomashina tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan baholanib, kredit ta'minoti sifatida garovga olingan.          

Biroq «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJ kredit shartnomasining tegishli bandini qo‘pol ravishda buzib, ya'ni o‘z majburiyatlarini doimiy ravishda bajarmasdan kelganligi sababli Xalq banki tomonidan 2017 yil 23 iyunda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, kredit qarzdorligini undirish, undiruvni garov mulklariga qaratish so‘ralgan.

Shundan so‘ng sudning 2017 yil 14 sentabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJdan AT «Xalq banki» Karmana Amaliyot bo‘limi foydasiga jami 383.521.464,0 so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilanib, undiruv garov mulklariga qaratilgan. 

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, F.To‘xtayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu masalada bankni ayblaydi: uni xabardor qilmasdan sud majlislari o‘tkazishgani, barchasi yashirin tarzda sirli bo‘lganini ta'kidlaydi. Shuningdek, bankdan 200 millioncha qarzi qolgani, hali kreditni yopish uchun bir yil muddati bor ekanligini aytadi. Boshqa mol-mulklari, jumladan, plita ishlab chiqaradigan zavodi borligini, hech bo‘lmasa o‘shani sotib to‘lashini aytib, bankdagilarni firibgarlikda ayblaydi.

Ma'lumot uchun aytish lozimki, «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJ rahbari F.To‘xtayevga tegishli bo‘lgan, Navbahor tumani «Paxtakor» mahallasida joylashgan plita ishlab chiqarish sexi binosi allaqachon sotilib, undan tushgan mablag‘ MChJning kredit qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltirilgan.  Shuningdek, bank F.To‘xtayevni sudga bergan vaqtda uning kredit qarzdorligi 383.521.464,0 so‘mni tashkil etgan. Ushbu summaning barcha qismi MIB ijrochilarining amaliy yordami bilangina qoplangan. O‘z navbatida, F.To‘xtayev ham bank tomonidan bir necha bor kreditni o‘z vaqtida qaytarishi haqida ogohlantirilgan. 

Endi xulosa qiling, kreditni olib, to‘lovga kelganda bo‘yin tovlaydigan, fuqarolardan yig‘ib olgan naqd pullarni bankka kirim qilmasdan, allaqachon sotilib ketgan plita ishlab chiqariladigan sexni sotib kreditni to‘lardim, deydigan tadbirkorning ishlarini oqlab bo‘ladimi?

Shu o‘rindan kim aslida firibgarlik qilayotganini aniqlash qiyin emas. Qolaversa, yurtimizda bu to‘g‘risidagi hukmni sud chiqaradi. Sud esa kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, kredit qarzdorligini undirish, undiruvni garov mulklariga qaratish haqida qaror chiqargan.

Yana bir narsaga e'tibor qaratish lozimki, sud qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Majburiy ijro buyurosi Navoiy shahar bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJga tegishli bo‘lgan «Qurilishi tugallanmagan 5 qavatli turar joy binosi» garov hujjatlarida belgilangan narx, ya'ni 477.500.000,0 so‘m boshlang‘ich bahosida kim oshdi elektron auksion savdosiga qo‘yilgan.

Ushbu savdo natijalariga ko‘ra, bino 1.026.625.000,0 so‘mga sotilib, shundan 203.186.386,0 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i Majburiy ijro byurosining Navoiy shahar bo‘limi depozit hisob raqamidan AT «Xalq banki» Karmana Amaliyot bo‘limi hisob raqamiga yo‘naltirilgan hamda «Navoiy quruvchi yoshlar» MChJ ning kredit karzdorligi so‘ndirilgan.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu elektron auksion savdolarida narx belgilash, uni maqbul narxda sotishda bankning roli yo‘q. Chunki barcha jarayonlar ochiq savdolar orqali MIB tomonidan amalga oshiriladi. Savdodan tushgan mablag‘ ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu tashkilot hisob-raqamiga tushadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, «Xalq banki» Navoiydagi 60 ta oilaning haqini yeb ketmayapti balki, shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarmagan mijozdan o‘ziga tegishli mablag‘ni qonun doirasida undirish choralarini ko‘rgan, deyiladi «Xalq banki» axborot xizmatining Kun.uz’ga bergan ma'lumotnomasida.

Mavzuga oid