Jamiyat | 19:55 / 16.10.2018
7679
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarning do‘konini elektrga “ulab”, har oy ulardan “soqqa” olib yurgan firibgar ushlandi

Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar, “Navro‘z” mahallasida yashovchi fuqaro Tashbaltayev Yunus Yusupovich Farg‘ona shahridagi savdo majmuasida 2008 yildan buyon savdo yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani holda davlat tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga berilayotgan imkoniyatlardan foydalanish o‘rniga qing‘ir yo‘lni tanladi. Bu haqda KUN.UZ’ga Respublika MIB Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, Yunus Tashbaltayev savdo majmuasining “Ye” blogida jiyani A.Yusufjonovga tegishli bo‘lgan savdo do‘koniga o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali elektr energiyasi yetkazib berishi haqida 11 nafar tadbirkorni aldab, ularning ishonchiga kiradi hamda ularga “har oyda elektr energiyasi uchun menga pul to‘laysizlar, elektr ta'minot korxonasi bilan gaplashdim”, deb aytadi.

Biroq 11 nafar tadbirkorga tegishli savdo shoxobchalarining elektr simlarini elektr hisoblagichga ulamasdan jiyani A.Yusufjonovga tegishli savdo shoxobchasi orqa tarafidan yashirin yo‘llar bilan simyog‘ochga to‘g‘ridan‑to‘g‘ri ulab olib, tadbirkorlardan har oyda elektr energiyasi uchun deb 100‑300 ming naqd pullarni yig‘ib olavergan. Ularga “Yakka tartibdagi tadbirkor Tashbaltayev Yunus Yusupovich” yumaloq muhri bosilgan qalbaki to‘lov hujjatlari taqdim qilib kelgan.

Shu asnoda, jinoyat yo‘lini tutgan Tashbaltayev davlatning ozmi‑ko‘pmi naqd 75 mln. 867 ming so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlab, ularni 11 nafar tadbirkorlik sub'yektiga noqonuniy ravishda sotib, davlat va fuqarolar manfaatlariga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

MIB Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan Tashbaltayevga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan birga jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ochiq sud majlisida             joriy yilning 29 sentabr kuni ko‘rib chiqildi.

Sud, Yunus Tashbaltayevni O‘zbekiston Respublikasi JKning 1852‑moddasi 3‑qismi bilan aybli deb topib, 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Shuningdek, sud tomonidan Tashbaltayevning 9,5 mln. so‘m moddiy zarar o‘rnini qoplaganligi inobatga olinib, undan 66,3 mln. so‘m zarar undirilishi belgilandi.

Kelgusida Tashbaltayevdan davlatga to‘lanmagan 66,3 mln. so‘m moddiy zarar summasi davlat ijrochilari tomonidan to‘liq undirib olinadi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid