Jamiyat | 20:40 / 16.10.2018
46017
9 daqiqa o‘qiladi

Huquqiy jamiyat haqida oddiy va olamshumul haqiqatlar

Ichi bo‘shab qolgan so‘zlar

Keling, sizni sinaymiz, muhtaram o‘quvchi! Qalbingizga quloq tutib, bir savolga javob bering: «huquq» so‘zini eshitganda nimani his qilasiz?

Deyarli hech narsani, shunday emasmi? «Huquq», «huquq himoyasi», «huquqiy jamiyat» – bu so‘zlarni esimizni taniganimizdan buyon har qadamda, bot-bot eshitaverib, ular biz uchun hech narsani bildirmay qo‘ygan. Nega?

Negaki ayrim so‘zlar ularning zamirida yotgan asl ma'nodan ayri holda – mazmuni nazarda tutilmasdan ma'lum muddat takrorlansa o‘z ma'nosidan ajrab qoladi. Ko‘ribsizki, so‘z bor-u, ammo uni to‘ldiradigan ma'no yo‘q – kishilarning na ongida bor u, na e'tiborida.  

So‘zlarni ma'nosidan ajratib, so‘ngra bu bo‘m-bo‘sh, po‘kak, so‘zdan faqat tovushi qolgan bunday «so‘z»larni takrorlash, har tarafdan yangratish, turli holga solib o‘ynatish, bu – ommaning xayolini parishon qilish, aqlini falaj qilish, hushini ketkazish vositasi.

Bundan turli tuzum va toifalar ommani manqurt holatida saqlab turish uchun doim foydalanib kelishgan va bunga turfa tashviqot vositalari, turli nomlar bilan ataluvchi «ma'rifat, ma'naviyat xodimlari» xizmat qilgan. Ammo bu – boshqa mavzu.

Huquq nima?

Bir haqiqatni bilishimiz kerak: ba'zi so‘zlarning ma'nosi yer-u osmon – Koinot kengligicha bo‘ladi. «Haq», «huquq» so‘zlari – aynan shunday so‘zlar.

«U, osmonlar-u yerni haq ila yaratgan Zotdir» (An'om surasi, 73-oyati)

Oyatda «haq» so‘zi borliq bilan g‘aybiy bog‘lanyapti, biz tor ma'noda qabul qilishga, o‘zaro aloqalarimizgagina tatbiq qilishga odatlangan tushuncha aslida cheksiz Koinot kengliklariga transtsendent aloqasi borligi bildirilyapti.

Inchunun, haq yoki nohaq bo‘lganimizda, adolat yoki adolatsizlik qilganimizda qilmishimiz tor emas, balki ulkan – osmoncha ahamiyatli ekanini yodimizda tutmoq lozim.   

Alloh taolo dunyoni haq ila yaratdi va insonlar jamiyatini istisno qilmadi – insonlar o‘rtasida haq-huquqlarni joriy qildi. Koinotni tutib turgan, uning buzilishiga yo‘l bermaydigan  nizomga monand ravishda insonlar jamiyatini salomat tutuvchi nizomni – haq-huquq me'yorlarini joriy qildi.

Pirovardida jamiyat hayotining izidan chiqishiga, dardlarga mubtalo bo‘lishiga haq-huquqlarga rioya etmaslik omil qilindi. Inchunun, haq-huquq masalasiga yengil qarash, uni istalgancha tasarruf etish, istaganda buzish odati insoniyat boshiga kelgan barcha ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ldi va bo‘lib kelmoqda, deyishga asos bor.  

Bir inson boshqasidan haqqini tortib (yoki bildirmasdan) olsa-yu, qaytarib bermasa, nima bo‘ladi? Haqsizlik bilan to‘lgan voqeligimizda biz «hech nima bo‘lmaydi» degan gapni tilimizga chiqarmasak-da, ammo bunday tuyg‘u ichimizdan o‘tadigan bo‘ldi. Aslida-chi?

Aslida haqlar poymol bo‘lganda olamshumul mudhish manzara hosil bo‘ladi.

«Nimasi mudhish? Haqlar poymol bo‘layapti, ammo Quyosh avvalgidek charaqlab turibdi, Yer o‘z o‘qi atrofida aylanyapti» – der balki kimdir. Mudhish manzara avvalo ko‘zga ko‘rinmaydigan latif – ma'naviy dunyoda yuzaga keladi, zero haq-huquq poymol bo‘lishi – ma'naviy nizomning buzilishidir. Va keyinchalik, natija o‘laroq, moddiy dunyoga asorat keltiradi: insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning, ijtimoiy, iqtisodiy aloqalarning, davlat-xalq, inson-tabiat munosabatlarining buzilishi kelib chiqadi.

Nohaq yeyilgan o‘zganing haqi moddiy dunyoda-ku go‘yo bilinmay, asoratsiz yeyilib ketiladi. Ammo ma'naviy dunyoda u haqsizlik qilganning egnida turadi, nohaq tortib olingan haq va huquqlar majoziy-mavhum narsalar emas, balki moddiy narsalardan ming marta haqiqiyroq, deydi ilohiy ta'limot.

«Sahobalarning biriga yahudiylarga shartnoma asosida berilgan bog‘dan kelishilgan ulushni olib kelish buyuriladi. Sahoba u yerga borganida yahudiylar mazkur ulushni kamaytirish ilinjida unga takliflar qila boshlashadi, «adolat qil» deb zorlanishadi. Shunda sahoba Alloh nomi bilan qasam ichib, mazkur ma'noni aytadi: «sizlarni juda yomon ko‘raman, Payg‘ambar alayhissalomni juda yaxshi ko‘raman, ammo u kishining foydasiga sizlarning haqingizga zarracha xiyonat qilmayman!». Shunda muqaddas kitobdan bilimlari bo‘lgan yahudiylar lol qolib, shunday deyishadi: «Qasamki, yer-u osmonni tutib turgan narsa shu o‘zi!»

Ko‘rinmas jinoyat            

Bu birgina misoldan ko‘rib turibmizki, biz guvohi bo‘lib turganimiz voqelikning eng mudhish jihati –  ulkan ma'nolarni qatl etib, ular ma'nosiz so‘zlarga aylantirilishi, asos tushunchalar, ustunlarning kalaka bo‘lib qolgani. Bunda «haq» va «huquq» tushunchalarining asl ma'nosiga hamla etilgani, ildizi quritilgani – katta jinoyat. Zero dunyo haq ila yaratilgan ekan, uning ma'naviy gultoji bo‘lmish insonlar jamiyati haq-huquqlarga ongli ravishda, ma'nosini anglagan holda rioya etmog‘i lozim, kalaka qilishlari emas.

Haq-huquqlar sobit bo‘lmagan jamiyatning majoziy mislini ko‘z oldingizga keltirish uchun nizomi izidan chiqqan Quyosh tizimini tasavvur etishingiz mumkin: eng yaxshi soatlardan yaxshiroq «ishlaydigan» sayyoralar va Quyosh mutanosibligining izidan chiqishini tasavvur qiling... Bu manzaraga tikilibroq qarasangiz jamiyatimizni ko‘rasiz...   

Haqlarni bilish va ularga rioya etish kishi  jamiyat hayotiga mazmun bag‘ishlaydi, haqlarni unutish esa inson va jamiyatni yo‘nalishini yo‘qotib qo‘ygan, nima qilayotganini bilmay muallaq qolgan kishilar to‘dasiga aylantiradi. Yaratganning haqlarini bilish, ota-onaning haqlarini bilish, qo‘shnichilik, jamiyat, jonli va jonsiz dunyoning haqlarini – hamma-hammasini bilib, rioya etish insonga atrof dunyo va o‘zi bilan uyg‘unlikda bo‘lishni keltiradi va bu uyg‘unlik haq ila yaratilgan borliqni ham o‘z ichiga oladi.

Xotirjam jamiyat

Haq-huquqlar qat'iy qaror topgandagina har bir jamiyat a'zosining ichki, deyarli har bir insonda mavjud bo‘lgan yaratuvchanlikka intilish iqtidori – zaxirasi tashqariga chiqadi. Zero haq-huquqlar e'zozda bo‘lgan jamiyatda yashash uning a'zolariga ijobiy xotirjamlikni keltiradi va yaratuvchanlikka undaydi. O‘ziga nisbatan haqlar ado qilinayotganini va o‘zi ham atrof olamning haqqini ado qilayotganini his etish dunyo bilan uyg‘unlikka erishish manbasi va biz unutib qo‘ygan muvaffaqiyat algoritmidir. Biz bu achinarli holatga haq-huquqlar masalasiga bepisandlik oqibatida yetib kelgan ekanmiz, endi holatimiz tuzalishi uchun tegishli xulosalarni chiqarishimiz, har bir narsaning haqqini ado etish ilmini jamiyat o‘laroq qayta tadqiq etishimiz lozim bo‘layapti.  

Hali jon saqlab turgan umid        

«Haq-huquqlar» tushunchasi misolida biz ulkan haqiqatlarni o‘zida mujassam etgan so‘zlarning jonsiz, o‘lik so‘zlarga aylanib qolganining guvohi bo‘ldik va buning naqadar og‘ir oqibatlarga sabab bo‘layotganini biroz tafakkur va tasavvur etdik. O‘lik so‘zlarga qurilgan «ma'naviyat» naqadar bema'ni – absurd narsa ekanini, biz o‘ldirgan so‘zlar aslida naqadar mazmundor ekanini jindek anglashga urindik. Aynan haq so‘zni aytmaslik, haq ma'nolardan yuz o‘girish natijasida mazkur, biz ko‘rib turgan voqelikka kelib qolganimizni anglashga harakat qildik.

Yangi davrda yuqori minbarlardan haqiqat himoyasi va yolg‘onlar tanqidi yangragani mazkur voqeligimiz uchun olamshumul yangilik bo‘ldi, voqelikka qiyshiq ko‘zgu orqali qarashdan voz kechish jarayoni boshlanishiga va o‘ldirilgan tushunchalarga qayta jon berilishiga umid paydo bo‘ldi.

Endi bu yo‘ldan to‘xtab, ortga qarab ketmaslik, balki olg‘a harakat qilish lozim bo‘ladi.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid