2026 yil 1 martdan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mohiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish ishlarini Ijro.gov.uz idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi orqali nazorat qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda normativ-huquqiy hujjatlar matnlari Ijro.gov.uz tizimi va “Raqamli mahalla” platformasi orqali “respublika-viloyat-tuman-mahalla” tamoyili asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuboriladi.

Shuningdek, endilikda huquqiy targ‘ibot ishlari sohaga mas’ul bo‘lgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Ularning bu faoliyati Adliya vazirligi tomonidan Ijro.gov.uz tizimida huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi orqali nazorat qilib boriladi.

Kartotekada Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjat daxl qiladigan sub’yektlar toifasi, ularga huquqiy axborotni yetkazish usullari hamda targ‘ibotni tashkil qilishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari belgilanadi.

Bundan tashqari, internetdagi ommabop platformalarda huquqiy axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish qamrovini oshirish maqsadida Adliya TV sahifasi ishga tushiriladi.