O‘zbekiston | 15:17 / 17.10.2018
4182
3 daqiqa o‘qiladi

​O‘zbekiston ilk marta «Markaziy Osiyo savdo forumi»ga mezbonlik qilmoqda

Bugun, 17 oktabr kuni Toshkent shahrida ish boshlagan VIII «Markaziy Osiyo savdo forumi»da ishtirok etish uchun jahonning 27ta mamlakatidan 1000dan ortiq davlat va xususiy biznes vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 

Markaziy Osiyoda AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur yillik forum savdoni kengaytirishga ko‘maklashuvchi ishlab chiqaruvchilar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes tarmoqlarini taklif etish va rivojlantirish uchun muloqot va muzokaralar vositasi hisoblanadi. 

«Savdo va investitsiyani rivojlantirishda yangi yo‘nalishlar» mavzusida o‘tkazilayotgan forumda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasini vaqtincha boshqarib turgan Alan Melttser «borgan sari murakkablashayotgan va aloqalari rivojlanayotgan jahon sharoitida biz tezkor hal qilinishi talab etiladigan yangi muammolar»ga duch kelishimizni ta'kidlab o‘tdi. 

«Bu yangi muammolar yangi  imkoniyatlarni ham ochib beradi. Hozir, har qachongidan ham bizga, ushbu forum kabi, hamkorlikni mustahkamlash, g‘oyalar almashish va yangi bozorlarga kirish imkonini beruvchi tadbirlar kerak», deydi Melttser. 

Savdo ko‘rgazmasida butun mintaqa bo‘ylab turli sohalarda, shu jumladan transport, turizm, axborot texnologiyalari, jihoz-uskunalarni ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik mahsulotini ishlab chiqarish, unga ishlov berish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 100dan ortiq korxonalar o‘z mahsulotini namoyish etmoqda. Forum davomida mutaxassis va biznes vakillari, shuningdek, rasmiy idora xodimlarining ishtirokida muhokama tashkil etilishi kutilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazilayotgan ushbu forum Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifidan bir kun avval tashkil etildi.

 

Mavzuga oid